Sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati berish tartibi va muddati qanday?
2025-06-12 10:20:00 / Yangiliklar

Birinchi instansiya sudining sud muhokamasi vaqtida chiqarilgan ajrimi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berish va protest bildirish hukm ustidan shunday harakatlarni sodir etish bilan bir paytning o‘zida amalga oshirilishi mumkin.
Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, shuningdek jabrlanuvchi, uning vakili sudning qonuniy kuchga kirmagan hukmi ustidan shikoyat berishga, prokuror va uning o‘rinbosari esa, protest bildirishga haqlidir.
Fuqaroviy da’vogar, fuqaroviy javobgar va ularning vakillari hukmning fuqaroviy da’voga daxldor qismi ustidan shikoyat berishga haqlidir.
Sud tomonidan oqlangan shaxs, uning himoyachisi va qonuniy vakili hukmning oqlash sabablari hamda asoslariga doir qismi ustidan shikoyat berishga haqlidir.
Ishda taraf bo‘lmagan shaxslar ham sud hukmining o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor qismi ustidan apellyatsiya tartibida shikoyat berishga haqlidir.
Qonuniy kuchga kirmagan hukmlar ustidan apellyatsiya tartibida quyidagicha shikoyat berilishi va protest bildirilishi mumkin:
1) jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlarining hukmi ustidan — Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudiga, viloyatlar, Toshkent shahar sudiga;
2) hududiy harbiy sudlarning hukmi ustidan — O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga;
3) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining hukmlari ustidan — ayni shu sudlarga.
Apellyatsiya shikoyatlari (protestlari) hukm chiqargan sud orqali beriladi. Shikoyat (protest) bevosita apellyatsiya instansiyasi sudiga berilgan taqdirda, mazkur sud ularni hukm chiqargan sudga tegishli talablarni bajarish uchun yuboradi.
Apellyatsiya shikoyati va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran o‘n sutka ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi tomonidan esa ularga hukmning ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida berilishi mumkin.
Hukm ustidan shikoyat va protest berish uchun belgilangan muddat ichida ish suddan talab qilib olinishi mumkin emas.
Taraflar shu vaqt mobaynida ish bilan sud binosida tanishishga haqli. Belgilangan muddat o‘tgandan keyin berilgan shikoyat yoki protest oqibatsiz qoldiriladi, bu haqda ularni bergan shaxslarga xabar qilinadi.
Yangiobod tuman sudining raisi
B.Mamadaminov
