Yangiobod tumani hokimi Ibrohim Qarshiboevning Navro'z bayrami munosabati bilan tuman xalqiga bayram tabrigi
2025-03-21 06:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugun jonajon yurtimizga go'zallik va nafosat, yasharish va yangilanish, mehr va oqibat bayrami – Navro'zi olam kirib kelmoqda.
Shunday qutlug' kunda butun Yangiobod ahlini bugungi ulug' ayyom – Navro'z bayrami bilan samimiy tabriklayman.
Bugungi fayzli kunda barchangizga tinchlik-omonlik, sihat-salomatlik, baxtu saodat va ulkan yutuqlar tilayman. Navro'zi olam elimiz, oilalarimiz va barcha-barchamiz uchun qutlug' kelsin!
Aziz Yangiobodliklar!
Ayni kunlarda yurtimiz bo'ylab katta shodiyonalar bilan nishonlanayotgan xalq sayllarida «Qadriyatlaring boqiy bo'lsin, Navro'z!» degan ezgu g'oya mujassamdir.
Negaki, Navro'z nafaqat yasharish va yangilanish ayyomi, balki, u har qanday gina va nizolarni unutish, tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish, ahillik va birdamlik, o'zaro hurmat va hamjihatlik bebaho boylik ekanligini ulug'lashi bilan birga, Vatanga naf keltirish, yurt ravnaqiga munosib hissa qo'shishdek niyatlarni ro'yobga chiqarish shodiyonasi bo'lganligi bilan ham qadrlidir.
SHu bois qut-baraka va muruvvat kabi xususiyatlarni o'zida mujassam etgan bu go'zal bahor ayyomini barchamiz orziqib kutamiz va xursandchliik bilan bayram qilamiz. Bu bayramda odatimizga aylanib ketgan qadriyatlar - bir-biriga mehr ko'rsatish, bemorlar, ko'ngli yarim insonlarga beminnat yordam berish, tabarruk keksalarimizning duosini olish kabi ota-bobolarimizning udumlarini davom ettirishga intilamiz.
Qadrli do'stlar!
Kirib kelayotgan Navro'z o'zining buyuk qudrati bilan tabiatni uyg'otmoqda. Amalga oshirayotgan islohotlarimiz esa jamiyatni, xalqimizning ongu tafakkuri, beqiyos salohiyatini uyg'otmoqda.
Darhaqiqat, “Atrof muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili” deb nom olgan ushbu yilimizning mazmun-mohiyatida aholining turmush farovonligini oshirishdek ezgu maqsad, xalqimiz va kelajak avlod uchun keng imkoniyatlar yaratishdek ustuvor vazifa turibdi.
Hozirgi kunda tumanimizda amalga oshirilayotgan barcha islohot va o'zgarishlar ayni shu ulug' maqsadga — har kunimiz Navro'z bo'lishiga, ya'ni, el-yurtimiz hayotining obod va farovon bo'lishiga qaratilgani barchamizga ayondir. Biz shu yo'lda o'z oldimizga ulkan vazifalarni qo'ydik va ularni albatta sizlar bilan birga amalga oshiramiz.
Qadrli tumandoshlar!
Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning, ezgu o'zgarishlarning barchasiga tinch va osuda hayotimiz sababchi ekanligini ham alohida ta'kidlamoqchiman.
Albatta, osoyishta hayot sabab ulkan rejalarni amalga oshirish uchun harakat qilyapmiz, bayramlarimizni quvonch bilan qarshilayapmiz. YAngi umidlar bilan kirib kelayotgan sharqona yangi yilimizda ham ko'zlagan maqsadlarimizga albatta yetamiz. YAratganning o'zi bizni mana shunday ezgu umidlarimizdan ayirmasin.
Navro'zi olam har bir inson, har bir oilaga tinchlik-xotirjamlik, yaxshilik va fayzu baraka olib kelsin! Fidoyi dehqon va fermerlarimizning, barcha mehnatkashlarimizning omadini bersin, ekkan nihollarimizning ildizi baquvvat, hosilimiz mo'l, xirmonlarimiz baland bo'lsin, ishlarimiz baroridan kelsin. Xonadonlarimizdan tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka arimasin!
Azizlar! Sizlarni yana bir bor bahor va xursandchilik ayyomi bilan chin yurakdan tabriklab, tabarruk otalarimiz, munis onalarimizning umrlari uzoq, aka-uka, opa-singillarimizning ko'ngillaridagi pok niyatlari ijobat bo'lishini tilayman.
Yurtimiz tinch va osoyishta, xalqimiz doimo sog'-omon bo'lsin!
Navro'zi olam barchangizga muborak bo'lsin!
