“Zamonaviy urushlar” yohud inson ongiga hujum
2025-04-03 14:10:00 / Yangiliklar
Axborot endi biror jarayon, voqelik yoki hodisa haqida xabar berish ma'nosidan chetga chiqib, insonlar ongi va ruhiga ta'sir etishning, jamiyatda mavjud qonun-qoidalarni va butun dunyo e'tirof etgan umuminsoniy qadriyatlar va tushunchalarni ma'lum maqsad atrofida birlashgan ayrim guruh va jamoalarning manfaatlariga xizmat qiluvchi o'ziga xos yangi talqinlarini yuzaga chiqarishning siyosiy, iqtisodiy, harbiy, diniy va boshqa bir qancha qarashlarning targ'ibotchisiga aylanib bormoqda. Buning natijasida, insoniyat taraqqiyotining ayni pallasida axborotning omma ongiga ta'siri va uning salbiy oqibatlari jamiyatning jiddiy muammolaridan biriga aylanib ulgurdi.
Endilikda axborot - qurol vositasida inson ongiga hujum qilish, uning tafakkuri va intellektini egallash, o'z auditoriyasini kengaytirish bilan qudratini oshirish orqali insonlarni qaysidir g'oya atrofida birlashgan kuchlarning maqsadlariga xizmat qilish bilan bog'liq «urush»ning zamonaviy ko'rinishlariga aylandi.
Soha mutaxassislarining fikricha, axborot qurollari tushunchasi ostida biror xalq, millat mentaliteti, madaniyati, ma'naviyati, dini, davlatning informasion va harbiy tizimiga salbiy ta'sir o'tkazadigan maxsus dezinformasion texnologik vositalarning muayyan tizimi yotadi. Axborotga bo'lgan ehtiyojning qondirilishi ijobiy holat, ammo hech qanday asosga ega bo'lmagan, bir qarashda beozorgina bo'lib ko'ringan, lekin maqsad-muddaosi g'arazli bo'lgan axborotlarga tarmoq foydalanuvchilarining aldanib qolayotganligi tashvishlanarlidir. Ayniqsa bu aldanayotganlarning aksariyatini katta-yu kichik yoshdagilar birdek tashkil etayotganligi juda achinarli va xavotirlidir.
Har qanday siyosiy qarashlarni o'zgacha talqin qiluvchi, turli ekstremistik g'oyalarni targ'ib qiluvchi barcha axborotlar o'ziga xos ta'sir etish imkoniyatiga egaki, bu “aldamchi jilvalanishlar”ga, ko'p hollarda, aqliy va ma'naviy jihatdan hali to'la shakllanib ulgurmagan yoshlar «maftun» bo'lib qolmoqda. Hatto, bunday g'arazli maqsadlar o'z tabiati bilan ezgulikka xizmat qilishi kerak bo'lgan san'at asarlari (kino, animasion filmlar, musiqa, qo'shiq, raqs va shu kabilar) zamiriga ham singdirib yuborilmoqdaki, bu kabi “kadr ortidagi maqsad”ni anglash uchun insonlardan teran aql-zakovat va hozirda bir qaraganda ko'rish mumkin bo'lmagan, ammo real mavjud “axborot xurujlari”ga qarshi immunitet shakllangan bo'lishi lozim.
Bugungi kunda aholining internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ko'rsatgichi kundan-kunga oshib bormoqda. Internetdan foydalnuvchilarning aksariyati «Instagram», «Feysbuk», «Tvitter», «TikTok» va shu kabi tarmoqlarda o'z profillariga ega. Biroq keyingi yillarda mazkur tarmoqlarning yoshlar tarbiyasiga salbiy ta'sir ko'rsatayotgan jihatlari ham ko'zga tashlanayotgani ko'pchilikni tashvishga solmoqda. Jamoatchilik fikrlarini o'rganish maqsadida “Ijtimoiy tarmoqlar insonlar hayotida qanday o'rin tutadi?" savoli ostida so'rovnoma o'tkazdik.
Respondentlarning 48 foizi ushbu tarmoqlar do'stlar orttirish, manfaatli tanishuvlar uchun kerak degan fikrni ma'qullagan bo'lsa, 52 foizi tarmoqlarning insonlar, xususan, yoshlar tarbiyasi va odob-axloqiga shuningdek, oilaviy munosabatlarning dars ketishi (ya'ni er va xotinning hiyonati, qizlarning behayo video va suratlari) kabi salbiy holatlar keltirib chiqarayotganini tan olishgan.
Globallashuv jarayonida va jahonda olamshumul o'zgarishlar sodir bo'layotgan bir paytda, biz nafaqat aniq bir inson, balki butun jamiyat hayotiga o'z ta'sirini o'tkazib kelayotgan axborot texnologiyalarining ajoyib ixtirolaridan biri bo'lmish sosial tarmoqlarni chetlab o'tolmaymiz.
Internetning zo'r berib rivojlanishi odamzodning borgan sari me'yorni unutishiga va uning girdobiga bexosdan tushib qolishiga sabab bo'lmoqda. Virtual hayot insonni tamomila dunyoqarashi va ongini o'zgartirib yuboradi. Ular uchun virtual hayot muammolari va tashvishlari har narsadan, jumladan real hayotdan ustun turadi, bunday insonlarning ongi faqat bir olamda yashaydi. Inson real hayotidagi kamchiliklarini, siqilishlarini va muvaffaqiyatsizliklarini tarmoqda qoplashga intiladi. Rasmlar va ularga berilgan munosabatlar, sharhlar, yangi do'stlar, yorqin lavhalar hamda tarmoqlararo uyushmalar odamni to'lqinlantiradi.
Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini yanada oshirish uchun quyidagi ishlarni amalga oshirishimiz lozim deb o'ylaymiz.
-axborot xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan milliy qonunchilik bazasini takomillashtirish, xususan, alohida qonun hujjati qabul qilish masalasini ko'rib chiqish;
- milliy axborot makonimizni aholining qiziqishini inobatga olgan holda jarayonlarni obyektiv va pozitiv yorituvchi mahalliy va xorijiy axborotlar bilan muntazam to'ldirib borish;
- ta'lim muassasalarida axborot xavfsizligini ta'minlash, xususan, axborot xurujlari, uning shakl va ko'rinishlari, maqsadi va salbiy oqibatlari borasida maxsus kurslar o'tilishini ta'minlash. CHunki, hozirgi dunyoning globallashuvi sharoitida axborot-kommunikasion texnologiyalaridan unumli foydalanish dolzarb masalaga aylandi.
- barchaning, xususan, yoshlarning internetdan foydalanish madaniyatini oshirish, undagi har qanday axborotni tafakkur va tahlil qilib, so'ng xulosa chiqarishga o'rgatishimiz zarurdir.
Alisher Aripov,
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi faoli
