Otalikni belgilash va aliment undirish
2026-10-29 12:35:00 / Press-relizlar

Sud amaliyotiga nazar tashlasak, er va xotin qonuniy nikoh rasmiylashtirmagan holda, sha’riy nikoh asosida oila qurib, birga yashash davrida farzand dunyoga kelganidan so‘ng ota tomonidan farzandini tan olmaslik va farzandining tug‘ilganlik guvohnomasiga otasining ismi-sharifi kiritilishiga to‘sqinlik qilishi natijasida otalikni belgilash va aliment undirish to‘g‘risidagi da’vo ariza bilan sudga murojaat qilish holatlari kuzatiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 76-moddasida, oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi hamda u jamiyat va davlat muhofazasidaligi, nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishi, davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 62-moddasiga asosan, o‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onadan bola tug‘ilgan taqdirda, ota-onaning birgalikdagi arizasi yoki bola otasining arizasi bo‘lmaganda, Oila kodeksi 61-moddasida ko‘rsatilgan hollarda otalik sud tartibida belgilanadi.
Otalik belgilayotganda sud tomonidan quyidagi shartlarni e’tiborga olinadi, jumladan, bolaning onasi bola tug‘ilishiga qadar javobgar, ya’ni otasi bilan birga yashaganligi va umumiy ro‘zg‘or yuritganligi, ular bolani birgalikda tarbiyalaganliklari yoxud ta’minlab turganliklari, javobgar bolaning onasi bilan birgalikda yashaganligi va umumiy ro‘zg‘or yuritganligi oilaviy munosabatlarga xos bo‘lgan holatlar (homila paydo bo‘lgan vaqtda va bola tug‘ilgunga qadar bitta turar joyda yashash, umumiy byudjet yuritish, birgalikda ovqatlanish, o‘zaro g‘amxo‘rlik, umumiy foydalanish uchun mol-mulk sotib olish va hokazolar) mavjudligi bilan tasdiqlanishini e’tiborga olinadi. Bola tug‘ilgunga qadar taraflar o‘rtasida bunday munosabatlarning tugatilishi, otalikni belgilash to‘g‘risidagi da’voni rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2011 yil 25 noyabrdagi 8-sonli "Sudlar tomonidan otalikni belgilashga oid ishlarni ko‘rishda qonunchilikning qo‘llanilishi to‘g‘risida" qarori 8-bandida. javobgarning bolaning onasi bilan birgalikda yashaganliklari va umumiy ro‘zg‘or yuritganliklari oilaviy munosabatlarga xos bo‘lgan holatlar (homila paydo bo‘lgan vaqtda va bola tug‘ilgunga qadar bitta turar joyda yashash, umumiy byudjet yuritish, birgalikda ovqatlanish, o‘zaro g‘amxo‘rlik, umumiy foydalanish uchun mol-mulk sotib olish va h.k.lar) mavjudligi bilan tasdiqlanishi, taraflar birgalikda yashashganmi va umumiy ro‘zg‘or yuritishganmi, degan masalani hal etishda sud alohida olingan har bir holda ishning muayyan holatlaridan va taraflar hayotining ob’yektiv shart-sharoitlaridan kelib chiqishi lozimligi, bola tug‘ilgunga qadar taraflar o‘rtasida bunday munosabatlarning tugatilishi, o‘z-o‘zidan, otalikni belgilash to‘g‘risidagi da’voni rad etish uchun asos bo‘lib xizmat qilmaydi, ular homiladorlik boshlangunga qadar tugatilgan hollar bundan mustasnoligi tushuntirilgan.
Fuqarolik ishlarini sud muhokamasida ko‘rib chiqish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi MJtK 201-moddasi 2-qismi (diniy yig‘ilishlar, ko‘cha yurishlari va boshqa diniy marosimlar o‘tkazish qoidalarini buzish) nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarlik holatlariga yo‘l qo‘yilgan holda shar’iy nikohni belgilangan tartiblarga zid ravishda norasmiy shaxs tomonidan o‘qilishi, ya’ni qonunchilik hujjatlari, xususan, qonuniy nikohdan o‘tmagan fuqarolarga sha’riy nikoh o‘qilishi, sha’riy nikoh asosida oila qurgan holda birga yashab, farzandi tug‘ililishi kabi holatlarga sabab bo‘lmoqda.
Diniy va dunyoviy ilmlarni egallamagan, tegishli hujjat – shahodatnomasi yo‘q, o‘zini o‘zi «domla» deb nomlab, shar’iy hukmlarni bilmagan, hatto, oddiy shar’iy masalalarni ham anglamaydigan shar’iy nikoh o‘qish kabi mas’uliyatli ishga qo‘l urushi kabi harakatlari oqibatida, muqaddas qo‘rg‘on - oilaning ustuni hisoblangan erkaklarning ro‘zg‘orni kam-ko‘stini to‘g‘rilash mas’uliyati va padarlik burchini unutib qo‘yayotganligiga sabab bo‘lmoqda.
Farzandlarning ta’minoti ham ota-onaning eng asosiy burchlaridan biridir. Bolalar voyaga yetguniga qadar ularning ta’lim-tarbiyasi, salomatligi, kiyim-kechagi va boshqa ehtiyojlarini qondirish ota-onaning zimmasiga yuklatilgan. Shu bilan birga, aliment faqat pul ko‘rinishida emas, balki moddiy yordam, ta’lim va tarbiya jarayonida ishtirok etish orqali ham amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 77-moddasi 1-qismida, ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar o‘z farzandlarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 96-moddasida, ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berishi shartligi, voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug‘iga asosan aliment undirilishi, voyaga yetmagan bolalarga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga yetmagan bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqliligi belgilangan.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, farzandlar manfaatini birinchi o‘ringa qo‘yish, ularning baxtli va sog‘lom ulg‘ayishi uchun ota-ona hamkorlikda harakat qilishi oilaning barqarorligiga xizmat qiladi.
Jizzax viloyat sudi sudyasi G‘.Usanov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi A.Pulatov
