YANGIOBOD TUMANI IIB BOSHLIG‘I XO‘JANOV JO‘RABEK MAMIROVICHNING TUMAN AHOLISIGA MUROJAATI
2026-10-05 15:40:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qadrli otaxon va onaxonlar!
Aziz yoshlar!
Hurmatli Yangiobod tumani aholisi!
Tuman hududida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, huquq-tartibotni ta’minlashda ijobiy natijalarga hamda kriminogen vaziyatni sezilarli darajada yaxshilashga erishildi.
Jumladan, joriy yilning 9 oyi davomida tuman hududida 56 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, shundan 20 tasi bevosita ichki ishlar organlari xodimlarining tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlardir.
Amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar natijasida tumanimizda o‘tgan 9 oy davomida nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, bezorilik, tuhmat, haqorat qilish hamda tan jarohati yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilmadi.
Bundan tashqari, qotillik va yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq jinoyatlar kamayishiga erishildi.
Biroq yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan, ayrim shaxslar noqonuniy yo‘llar bilan boylik orttirish, fuqarolarni aldash va boshqa usullar orqali ularning mol-mulkini egallashga urinishda davom etmoqda.
Ayniqsa, internet tarmog‘idan foydalangan holda fuqarolarga turli xil ta’sir o‘tkazish orqali ularning bank hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish holatlari ko‘plab uchramoqda.
Tumanimizda sodir etilgan jami 56 ta jinoyatning 33 tasi, ya’ni 58,9 foizi, kiberjinoyatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Sodir etilgan 33 ta kiberjinoyatning 18 tasi o‘g‘rilik, 12 tasi firibgarlik, 3 tasi esa jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish bilan bog‘liq jinoyatlar sifatida qayd etilgan.
Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlarning ko‘payishi bu boradagi ishlarni yanada kuchaytirish, aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlarni kengaytirish va fuqarolarning kiberxavfsizlik bo‘yicha bilimlarini oshirish zarurligidan dalolat beradi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Tuman hududida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish hamda yangicha yondashuvlar asosida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimini tashkil etish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi.
Shu maqsadda, joriy yilning 3-choragi davomida mahallalardagi aholi gavjum joylar va ko‘chalarga 8 dona, mahallalarning asosiy kirish-chiqish joylariga esa yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi 7 dona videokamera o‘rnatildi.
Bundan tashqari, mahallalardagi ko‘p qavatli va yakka tartibdagi 40 ta xonadon, shuningdek, 23 ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti tuman IIB huzuridagi Qo‘riqlash xizmati tomonidan texnik qo‘riqlovga olindi.
Shu bilan birga, tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 152 nafar xotin-qizga himoya orderlari berilib, ularning ishonchli himoyasi ta’minlandi.
Muqaddam sudlangan va ma’muriy nazoratda turgan shaxslarning muammolari o‘rganildi. Natijada mazkur tadbirlar kriminogen vaziyatni nazorat qilish, sodir etilgan jinoyatlar bo‘yicha shaxslarni tezkorlik bilan aniqlash hamda jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bundan tashqari, sodir etilgan jinoyatlarni har kuni tezkor tahlil qilish, manzilli tadbirlarni belgilash, kunlik so‘rov va nazorat tizimi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birgalikda, tergov sifati yanada oshiriladi va bu jarayonlarda inson huquq va erkinliklarining poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bundan buyon korrupsiyaga qarshi kurashish borasida barcha davlat va nodavlat tashkilotlari, hokimliklar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz. Jamiyatning barcha qatlamlari salohiyatini birlashtirish yo‘lidan boramiz.
Jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish uchun barcha zarur choralarni ko‘ramiz.
Aziz vatandoshlar!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2025-yil 30-apreldagi PQ-153-son qarori bilan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida barcha mas’ul davlat organlari va tashkilotlariga kiberjinoyatlarning oldini olish hamda aholining kibermadaniyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish vazifalari belgilangan.
Har birimiz mobil qurilmalarimizdan kundalik foydalanishda axborot xavfsizligini ta’minlash, kiberjinoyatlarning oldini olish hamda mobil qurilmalarni zararli fayllardan himoya qilish maqsadida “APK Qo‘riqchi” mobil ilovasidan foydalanishimiz muhim.
Mazkur ilovani QR-kod orqali mobil qurilmalarga o‘rnatish orqali bank plastik kartalariga ulangan hisob raqamlaridagi hamda elektron hisoblarda saqlanayotgan pul mablag‘larining o‘zga shaxslar tomonidan noqonuniy o‘zlashtirilishining oldini olishga hissa qo‘shishimiz mumkin.
Albatta, tumanimizda jinoyatchilik va korrupsiyaning oldini olishda, umuman, barcha sohalarda qonuniylikni ta’minlashda, eng avvalo, mahalla ahli, yoshlar va nuroniylar faollariga, turli mehnat jamoalaridagi jonkuyar va vatanparvar insonlarga, ularning amaliy yordami va hamkorligiga tayanamiz.
Agarda har bir fuqaro tumanimizni jinoyatchilik va korrupsiyadan xoli, tinch va xavfsiz hududga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak, ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Qadrli tumanimiz aholisi!
Bugungi kunda ayrim voyaga yetmaganlarning avtomobil yoki boshqa transport vositalarini haydovchilik guvohnomasisiz boshqarishi jiddiy xavf tug‘dirmoqda. Bu nafaqat o‘quvchining o‘z hayoti va sog‘lig‘iga, balki boshqa yo‘l harakati ishtirokchilariga ham xavf solishi mumkin.
Elektron skuter, velosiped, moped va boshqa zamonaviy transport vositalaridan foydalanishda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qilish o‘z hayotingiz va atrofdagilar xavfsizligi uchun juda muhim.
Shuningdek, transport vositasini boshqarishda mobil telefondan foydalanmaslik, quloqchin taqib harakatlanmaslik, kechasi va ko‘rish imkoniyati cheklangan paytlarda xavfsizlik choralariga rioya qilish, yo‘lni kesib o‘tishda belgilangan piyodalar o‘tish joylaridan foydalanish zarur.
Piyodalar yo‘laklaridan foydalanish, yo‘lning qatnov qismiga to‘satdan chiqib ketmaslik, yo‘lni faqat belgilangan joylardan kesib o‘tish kerakligini yodda tuting. Birgina ehtiyotsizlik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Jinoyatchilikning oldini olishda har birimiz hushyorlikni oshirishimiz, shubhali internet ilovalariga kirmasligimiz, notanish shaxslarga bank hisob raqamlari va tasdiqlash kodlarini bermasligimiz, mol-mulkimizni qarovsiz qoldirmasligimiz lozim.
Qonunlarga qat’iy rioya qilish, o‘zgalar huquqi, sha’ni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, oila mustahkamligini ta’minlash hamda jamiyatda yurish-turish qoidalariga rioya etish qonuniy va insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz yurtdoshlar!
Keling, barchamiz shu yo‘lda muhtaram Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
XOJANOV JO‘RABEK MAMIROVICH
Yangiobod tumani IIB boshlig‘i
