KORRUPSIYAGA QARSHI KURASHISHDA BARCHAMIZ BIRDEK MAS’ULMIZ
2026-09-14 14:55:00 / Press-relizlar

“Adolat bor joyda — qonun ustuvorligi ta’minlanadi”
Mamlakatimizda eng dolzarb muammolardan biri — korrupsiyaning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslikdir. Shu bois yurtimizda ushbu illatga qarshi muntazam va tizimli ravishda kurash olib borilmoqda.
Jumladan, 2020-yil 29-iyun kuni Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-son Farmoniga muvofiq, 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturini izchil ro‘yobga chiqarish, shuningdek, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi.
Bundan tashqari, joriy yilning 5-mart kuni Davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning kengaytirilgan yig‘ilishida shaxsan ishtirok etib, unda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish borasida amalga oshirilgan ishlarga baho berdilar hamda kelgusida bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilab berdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2025-yil 21-apreldagi PF-71-son Farmoni qabul qilindi.
Ushbu Farmon bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashga har yili hududlar kesimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari, prokurorlar hamda ichki ishlar organlari boshliqlari bilan birgalikda korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish, shu jumladan, maishiy korrupsiyaga barham berish va korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat muhitini shakllantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash hamda uning ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, korrupsiya va jinoyatchilikka qarshi kurashishda parlamentning rolini tubdan oshirish maqsadida Oliy Majlis palatalariga har yili budjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan uchta vazirlik va idorada korrupsiyaviy omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha takliflar kiritish vazifasi belgilandi.
Vazir va hokimlar lavozimiga nomzodlar tegishlicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqilayotganda, ular tomonidan korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq rejani himoya qilish tartibini qonun hujjatlarida belgilash, xalqaro tajribani o‘rganish, kibermakonda korrupsiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha mustahkam huquqiy baza yaratish yuzasidan takliflar ishlab chiqish kabi vazifalar ham belgilab berildi.
Shu bilan birga, mas’ul idoralar vakillaridan iborat ishchi guruhlar tuzgan holda “Jinoyatchilikka qarshi kurashish haftaligi” davomida har oyning 1–5-sanalari reja asosida “qizil” toifadagi mahallalarga chiqib, jinoyatlarning kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, tuman (shahar), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri prokurorlari hamda ichki ishlar organlari boshliqlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar berish, shuningdek, tuman (shahar) va mahallalarda ilgari surilgan xalqchil tashabbuslar asosida qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish vazifasi belgilab berildi.
Shu bilan birga, mazkur Farmon bilan hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yangi tartib asosida yo‘lga qo‘yish ko‘rsatildi. Unga ko‘ra, prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlari sektorlar faoliyati bo‘yicha yuklatilgan vazifalardan ozod etilib, sektorlar faoliyatiga Bosh vazir o‘rinbosarlari hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy bo‘linmalari mas’ul etib belgilandi.
Xulosa
Xulosa qilib aytganda, korrupsiya illati nafaqat davlatlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi, balki jamiyat taraqqiyotining asoslariga ham jiddiy zarar yetkazadi. Unga qo‘l urgan har bir insonning hayoti va kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ushbu illatga qarshi har birimiz mas’uliyat bilan kurashmas ekanmiz, bu bilan oila, jamiyat va davlat oldidagi burchimizga befarq bo‘lgan bo‘lamiz.
Korrupsiyaga qarshi kurashish — faqat davlat idoralarining emas, balki har bir fuqaroning burchidir.
