MUROJAAT
2026-07-10 16:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, aziz yurtdoshlar va hurmatli tumanimiz aholisi!
Bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida ichki ishlar organlari tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning asosiy maqsadi – har bir mahallada tinch va xavfsiz muhitni yaratish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda xalqimizning farovon va osoyishta hayot kechirishiga xizmat qilishdan iborat.
Tumanimiz hududida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish borasida barcha kuch va vositalar safarbar etilgan. Biroq axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi bilan bir qatorda yangi turdagi xavf – kiberjinoyatchilik ham tobora ortib bormoqda.
Aziz yurtdoshlar!
Kiberfiribgarlik va kibero‘g‘rilik jinoyatlarining kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, aksariyat hollarda fuqarolarimizning ortiqcha ishonuvchanligi, kiberxavfsizlik qoidalarini yetarli darajada bilmasligi hamda shaxsiy ma’lumotlarini o‘z qo‘llari bilan begona shaxslarga taqdim etishi jinoyatchilar uchun qulay imkoniyat yaratib berayotgani aniqlanmoqda.
Bugungi kunda firibgarlar internet tarmoqlari orqali tobora ayyor va murakkab usullardan foydalanmoqda. Shu bois tumanimizning har bir fuqarosini quyidagi kiberxavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqiraman.
❗️ Soxta havolalar (phishing) va yolg‘on yutuqli aksiyalar
Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan "Prezident farmoni bilan moddiy yordam ajratildi", "Davlat kompaniyasining aksiyasida ishtirok eting", "Siz yutuq egasi bo‘ldingiz" kabi mazmundagi shubhali havolalarga aslo kirmang. Bunday xabarlar firibgarlar tomonidan shaxsiy ma’lumotlaringizni qo‘lga kiritish maqsadida tarqatiladi.
❗️ Plastik karta va SMS tasdiqlash kodlari
Telefoningizga SMS orqali yuboriladigan 4–6 xonali tasdiqlash kodlari bank kartangizni boshqarish imkonini beradi. Ushbu kodlarni hech qanday holatda hech kimga bermang. Hatto o‘zini bank xodimi, xavfsizlik xizmati yoki ichki ishlar organi xodimi deb tanishtirgan shaxslarga ham ishonmang.
Yodingizda bo‘lsin! Rasmiy bank xodimlari hech qachon mijozdan SMS tasdiqlash kodini so‘ramaydi.
❗️ Onlayn savdo va oldindan to‘lov
OLX, Telegram kanallari yoki boshqa internet platformalarida juda arzon narxda mahsulot yoki transport vositasini taklif qilib, oldindan to‘lov talab qilayotgan shaxslarga ishonmang. Mahsulotni ko‘rmasdan yoki sotuvchining ishonchliligiga amin bo‘lmasdan turib pul mablag‘larini o‘tkazmang.
Hurmatli ota-onalar va aziz fuqarolar!
Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishda barchamizning hamjihatligimiz muhim ahamiyatga ega. Internetdan faol foydalanayotgan farzandlarimizni kiberxavfsizlik va kibergigiyena qoidalariga o‘rgatishimiz, ularda internet madaniyatini shakllantirishimiz zarur.
Jinoyatchilikka qarshi kurashishning eng samarali yo‘li – uning oldini olish, fuqarolarimizda mustahkam kiberimmunitetni shakllantirishdir.
Sizlardan yana bir bor shaxsiy ma’lumotlaringiz, bank kartalaringiz va ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlaringiz xavfsizligiga mas’uliyat bilan yondashishingizni so‘rayman. Virtual makonda ham hushyorlikni yo‘qotmang, har qanday shubhali holatga befarq bo‘lmang.
Doimo ogoh va ehtiyotkor bo‘ling!
E’tiboringiz hamda qonunga hurmat bilan yondashayotganingiz uchun barchangizga minnatdorlik bildiraman.
📞 Yangiobod tumani IIB eslatadi:
Agar siz yoki yaqinlaringiz kiberfiribgarlar tuzog‘iga tushib qolgan bo‘lsangiz yoki shubhali qo‘ng‘iroq va xabarlarga duch kelsangiz, zudlik bilan 102 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qiling yoki hududingizdagi profilaktika inspektoriga murojaat qiling.
Unutmang, mablag‘ingiz va osoyishtaligingizni asrash, avvalo, o‘zingizning hushyorligingizga bog‘liq.
