Yangiobod tumani hokimining davlat xizmatchilariga murojaati
2026-07-08 11:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida davlat va jamiyat boshqaruvi tizimida ochiqlik, shaffoflik, qonun ustuvorligi hamda halollik tamoyillarini qaror toptirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada qabul qilingan qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmon va qarorlari, shuningdek, Hukumat hujjatlari korrupsiyaning oldini olish, uning kelib chiqish sabablari va shart-sharoitlarini bartaraf etish, davlat xizmatida halollik, mas’uliyat va javobgarlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Davlat xizmatchisi, avvalo, xalq ishonchini oqlashi, o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, xolis va qonuniy asosda bajarishi lozim. Har bir rahbar va xodim o‘z faoliyatida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, xizmat vakolatidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanmasligi hamda har qanday noqonuniy taklif yoki bosimga nisbatan mutlaqo murosasiz munosabatda bo‘lishi shart.
Ayniqsa, davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan foydalanish, davlat mulkini boshqarish, kadrlarni tanlash va ishga qabul qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida shaffoflik, adolatlilik va qonuniylik tamoyillariga qat’iy rioya etilishi har bir davlat xizmatchisining asosiy vazifasidir.
Har bir xodim korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga mas’uldir. Agar korrupsiyaga undash, noqonuniy manfaat taklif etish yoki shunga o‘xshash holatlarga duch kelinsa, bu haqda zudlik bilan bevosita rahbariyatga yoki vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonunchilikda belgilangan tartibda xabar berilishi lozim.
Shuni alohida ta’kidlaymanki, manfaatlar to‘qnashuvini yashirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar bermaslik yoki ularga sherik bo‘lish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Hurmatli hamkasblar!
Yangiobod tumani hokimligi jamoasi oldida turgan eng muhim vazifalardan biri fuqarolarga sifatli, tezkor va adolatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ularning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash hamda «Halollik — eng oliy qadriyat» tamoyilini kundalik faoliyatimizning ustuvor mezoniga aylantirishdan iborat.
Barchangizni xizmat vazifalaringizni sidqidildan bajarishga, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga so‘zsiz rioya etishga, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga, xizmat intizomi va kasb odobi qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqiraman.
Ishonchim komilki, faqat halol, mas’uliyatli va fidokorona mehnat orqaligina xalqimiz ishonchini oqlash, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hamda Yangiobod tumanining yanada ravnaq topishiga munosib hissa qo‘shishimiz mumkin.
Hurmat bilan,
Ibrohim Qarshiboyev
Yangiobod tumani hokimi
