O‘zbekiston Respublikasi “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qoununi va “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”
2026-06-04 15:50:00 / Press-relizlar

Kelib chiqish mamlakati — hududidan odam savdosidan jabrlanganlarni olib chiqish amalga oshirilgan yoki fuqarolari odam savdosidan jabrlangan davlat.
Majburlash — majburlanayotgan shaxsni uning irodasiga qarshi yoki irodasini chetlab o‘tib, biror-bir harakatni amalga oshirishga yoki biror-bir harakatni bajarishni majburlovchi shaxsning yoki boshqa shaxslarning foydasi uchun rad etishga undash maqsadidagi jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zo‘ravonlik yoki ularni qo‘llash tahdidi.
Odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiiste’mol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun to‘lovlar yoki manfaatdor etish evaziga og‘dirib olish yo‘li bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning o‘zga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka o‘xshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson a’zolarini, to‘qimalarini va (yoki) hujayralarini ajratib olishni anglatadi.
Odam savdosidan jabrlangan shaxs — odam savdosidan, bunday harakatga rozilik berganligi-bermaganligidan va jinoyat protsessida ishtirok etganligi-etmaganligidan qat’i nazar, jabrlangan jismoniy shaxs.
Odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish — jismoniy shaxslarga nisbatan amalga oshiriladigan, ularga nisbatan odam savdosi sifatida malakalanadigan xatti-harakatlar sodir etilganligi to‘g‘risida yoki sodir etish niyati haqida ma’lumotlar olishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui.
Odam savdosiga qarshi kurashish — odam savdosining oldini olishga, uni aniqlashga, unga chek qo‘yishga, uning oqibatlarini kamaytirishga, odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishga doir faoliyat.
Odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs — dastlabki identifikatsiya qilish natijasida odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs sifatida tan olingan jismoniy shaxs.
Odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxs — mustaqil ravishda yoki bir guruh shaxslar tarkibida odam savdosi bilan bog‘liq har qanday harakatni sodir etuvchi jismoniy shaxs, shuningdek o‘z harakatlari bilan odam savdosiga ko‘maklashayotgan, xuddi shuningdek garchi o‘z mansab vakolatlariga ko‘ra to‘sqinlik qilishi va qarshi kurashishi shart bo‘lsa-da, odam savdosiga to‘sqinlik qilmayotgan va qarshi kurashmayotgan mansabdor shaxsga nisbatan qoninda jazo muqarrardir.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 02.02.2017 yildagi PQ-2752-sonli qarori yuzasidan.
Mazkur Farmon bilan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzilib, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq uning asosiy vazifalari etib:
korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarining va boshqa dasturlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorligini ta’minlash;
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga doir chora-tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini tashkil etish;
korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olishga, ularni aniqlashga, ularga chek qo‘yishga, ularning oqibatlarini, shuningdek ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar samaradorligi oshirilishini ta’minlash;
korrupsiyaning holati va tendensiyalari to‘g‘risidagi axborotni yig‘ish hamda tahlil etish;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish, ushbu sohadagi mavjud tashkiliy-amaliy va huquqiy mexanizmlarning samaradorligini baholash;
korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish va ushbu sohadagi ishlarni yaxshilash yuzasidan takliflar tayyorlash;
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish etib belgilangan.
Jizzax viloyat sudi sudyasi G‘.Usanov
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi O.Egamberdiev
