Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari aholi murojaatlari yuzasidan Yangiobod tumanida o‘rganish ishlarini olib bordi
2026-05-02 14:25:00 / Press-relizlar

Xususan, Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashi kotibiyati mudiri N.Karimova, Jizzax viloyat Kengashi deputati M.Rahmonberdiyev shuningdek, Xalq deputatlari Yangiobod tuman Kengashi deputatlari ishtirokida “mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati Kengashining 2025 yil 14 yanvardagi KQ-35-V-sonli qarori ijrosi o‘rganildi.
Jumladan, mazkur qarorning Yangiobod tumani “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi ijro holati tahlil qilinib, hududda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar bilan yaqindan tanishildi.
Shu bilan birga, deputatlar “Do‘stlik” mahallasida aholi bilan uchrashib, ularning muammo va takliflarini tingladilar.
Shuningdek, Xalq deputatlari viloyat va tuman Kengashi deputatlari “Do‘stlik” mahallasida joylashgan “Iqtisoslashtirilgan Prezident maktabi”da olib borilayotgan qurilish ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
O'rganish davomida qurilish ishlarining borishi, ularning sifati, belgilangan muddatlarga rioya etilishi, shuningdek obyektlarda mehnat xavfsizligi va sanitariya talablariga amal qilinishi batafsil ko‘zdan kechirildi. Qurilish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, ishchi kuchining samarali tashkil etilgani hamda har bir bosqichning sifatli amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, kelgusida mazkur obyektdan foydalanishda aholi va o‘quvchilar uchun qulay va xavfsiz shart-sharoitlarni yaratish, infratuzilmani yanada rivojlantirish, hududni obodonlashtirish ishlarini izchil davom ettirish yuzasidan fikr va takliflar bildirildi.
Shundan so‘ng, Yangiobod tuman IIBning ma’muriy binosi qurilishi bilan ham yaqindan tanishilib, unda olib borilayotgan qurilish-montaj ishlarining borishi, sifati va belgilangan muddatlarga muvofiqligi atroflicha o‘rganildi. Jumladan, qurilish ishlarini tashkil etish darajasi, ishlarning bosqichma-bosqich rejalashtirilganligi, texnik nazoratning yo‘lga qo‘yilgani hamda mas’ul tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlik holati tahlil qilindi.







