MODDIY ZARAR TUShUNChASI
2025-12-22 15:45:00 / Press-relizlar

Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar fuqarolik huquqining muhim institutlaridan biridir. Bu majburiyatlar shartnomaviy munosabatlardan tashqari, shaxsga yoki mol-mulkka g‘ayriqonuniy xatti-harakat natijasida yetkazilgan zararlarni qoplashga qaratilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksining 14-moddasida zarar tushunchasiga ta’rif berilgan bo‘lib, arar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi”.
Agar huquqni buzgan shaxs buning natijasida daromad olgan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs boshqa zarar bilan bir qatorda boy berilgan foyda bunday daromaddan kam bo‘lmagan miqdorda to‘lanishini talab qilishga haqli.
Zarar shaxsiy nomulkiy yoki mulkiy hukuqlari buzilishi natijasida shaxsda vujudga keluvchi salbiy mulkiy oqibatlardir.
Shu sababli, zarar moddiy yoxud jismoniy xarakter kasb etadi. Moddiy zarar ko‘rgan jabrlanuvchi jismoniy shaxs ham, yuridik shaxs ham bo‘lishi mumkin. Jismoniy zarar bo‘yicha jabrlanuvchi faqat fuqaro bo‘ladi.
Fuqaroning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar, shuningdek ma’naviy zarar o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Yetkazilgan zarar to‘liq hajmda, boy berilgan foydani ham qo‘shib hisobga olgan holda undiriladi.
Shaxsning buzilgan huquqini, nobud bo‘lgan yoki shikastlangan mol-mulkini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan harakatlari haqiqiy (real) zarar hisoblanadi.Qonunda yetkazilgan zararni to‘liq hajmda qoplash umumiy qoidasidan istisno nazarda tutilishi mumkin.
Umumiy qoidaga ko‘ra, zararni to‘lash majburiyati bevosita zarar yetkazuvchiga yuklanadi. Ayni paytda qonunda yetkazilgan zararni to‘lash majburiyati zarar yetkazgan shaxsgagina emas, balki uning xatti-harakatlari uchun mas’ul yoxud xatti-harakatlarini nazorat qilishi shart bo‘lgan shaxslarga ham yuklanishi mumkin.
Odatda, fuqaroning hayoti yoki sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar oqibatlarini yumshatish uchun qonun hujjatlarida yoxud shartnomada tovon to‘lovlari ham nazarda tutiladi. Ushbu choralar fuqarolik-huquqiy, ijtimoiy himoya vositasi hisoblanadi.
Zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni qo‘llash asosi sifatida zarar yetkazuvchining aybi mavjud bo‘lishi kerak. Ayb zarar yetkazuvchining o‘z qilmishi va uning oqibatlariga ruhiy-psixik munosabati hisoblanadi.
Zarar yetkazuvchi aybining shakli qonun hujjatlarida bevosita belgilab qo‘yilgan hollardagina huquqiy oqibatlarga ega bo‘ladi. Qolgan holatlarda qasd yoki ehtiyotsizlikdan qat’i nazar, qilmish to‘laqonli ayb asosida sodir qilingan hisoblanadi, ya’ni aybning har qanday shaklida yetkazilgan zarar to‘liq hajmda undiriladi.
Zarar yetkazgan shaxs, agarda bunda o‘zining aybi yo‘qligini isbotlab bersa, ya’ni fors-major holatlar ro‘y bergan yoxud uchinchi shaxslarning aybi mavjud bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (FK) ning 333-moddasida (majburiyatni buzganlik uchun javobgarlik) ham aybsizlikni isbotlash burchi zarar yetkazgan shaxs zimmasiga yuklanadi. Ushbu holatda aybsizlik prezumpsiyasi namoyon bo‘ladi, ya’ni zarar yetkazgan shaxs qonunda belgilangan tartibda o‘zining aybsizligini isbotlab bermagunicha, aybdor hisoblanadi.
Qayd etish lozimki, ayb delikt bo‘yicha javobgarlikni belgilashda qat’iy, ya’ni mutlaq zaruriy asos emas. Qonunda zarar yetkazuvchining aybi bo‘lmaganda ham zararni to‘lashi nazarda tutilishi mumkin. FKning 993, 996, 999-moddalarida zararni to‘lash majburiyati ayb kategoriyasini qo‘llash mumkin bo‘lmagan shaxslarga (muomalaga layoqatsizligi sababli) yoki zarar yetkazishda aybi bo‘lmagan shaxslarga yuklanishi mumkinligi belgilab qo‘yilgan.
Fuqarolik qonunchiligida javobgarlik sharti sifatida zarar yetkazuvchi xatti-harakati (harakatsizligi)ning huquqqa xilof¬ligi zarar yetkazuvchi xatti-harakatining g‘ayriqonuniyligini, ya’ni boshqa shaxsning sub’ektiv huquqi biror tarzda buzilishini anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasi FKning 9-moddasining beshinchi qismiga ko‘ra, fuqarolar va yuridik shaxslar boshqa shaxslarga zarar yetkazishga qaratilgan harakatlarni sodir etmasliklari shart. Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar bosh delikt tamoyiliga asoslanadi, ya’ni agar qonun hujjatlarida belgilangan bo‘lmasa, har qanday zarar yetkazish huquqqa xilof hisoblanadi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor
tumanlararo sudi devonxona mudiri Shoxnur To‘lqin o‘g‘li Cho‘liboev
