«Firibgarlik uchun qanday jazo mavjud»
2025-12-18 14:05:00 / Press-relizlar

Qonun mazmuniga ko‘ra firibgarlik o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qo‘lga kiritishda ifodalanadi. O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasida firibgarlik jinoyati uchun javobgarlik va jazo belgilangan. Mazkur moddaga ko‘ra firibgarlik, ya’ni aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing mulkini yoki o‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Firibgarlik ancha miqdorda bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Firibgarlik ko‘p miqdorda, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan, xizmat mavqeidan foydalangan holda, axborot tizimidan, shu jumladan axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud muayyan huquqdan mahrum etilgan holda besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Firibgarlik juda ko‘p miqdorda, o‘ta xavfli retsidivist tomonidan, uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki sakkiz yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Yangiobod tuman sudining raisi T.Eshonqulov
