OILA MUSTAHKAMLIGINI TA’MINLASh, OILAVIY (MAIShIY) ZO‘RAVONLIK HOLATINI OLDINI OLISh
2025-12-17 11:30:00 / Press-relizlar

OILA MUSTAHKAMLIGINI TA’MINLASh, OILAVIY (MAIShIY) ZO‘RAVONLIK HOLATINI OLDINI OLISh
Oila insonning baxt-saodatini ta’minlovchi muqaddas qo‘rg‘ondir. Shunga ko‘ra, hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, Oila davlat tizimining eng muhim instituti, jamiyatimiz negizidir.
Zero, oila farovonligi – milliy farovonlik asosidir.
Oilani mustahkamlash, uni muqaddas dargoh sifatida e’zozlash, oilada er-xotinning o‘zaro tinch va totuv yashashi, bir-birining yaxshi va yomon jihatlarini ko‘tarishi, ayb va kamchiliklarini kechirishi, oilaning ichki masalalariga boshqa shaxslarning aralashmasligi kabi fazilatlar xalqimizga azaldan xos bo‘lib, oiladagi farovonlik muhitini barqaror bo‘lishiga xizmat qilib kelmoqda.
Oilani – ma’naviyat va qadriyat beshigi, deb bilgan holda uning tinch va saodatli, farzandlarning baxtli bo‘lishida er-xotinning har ikkisi ham oiladagi o‘z burchlarini astoydil ado etishga intilishlari muhimdir.
Chunki, baxtli oilalar tufayli baxtli jamiyat vujudga keladi. Oilalarda parokandalik bo‘lsa, o‘sha jamiyatda xotirjamlik yo‘qoladi.
Yangi O‘zbekiston siyosatida oilaning farovonligiga, xotin-qizlarning huquq va manfaatlari kamsitilmasligiga, oilada er-xotin ma’naviy barkamol, jismoniy sog‘lom yosh avlodni tarbiyalashi lozimligiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini ekanligi hamda jamiyat va davlat muhofazasida ekanligi, nikoh esa O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanishi Konstitutsiyamizning 76-moddasida ham alohida e’tirof etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksida ham oilani mustahkamlash, onalik, otalik va bolalikni davlat tomonidan muhofaza qilish bo‘yicha konstitutsiyaviy normalar belgilangan.
Bilamizki, sudlar oilani saqlab qolish, er-xotinni yarashtirish choralarini ko‘rishda taraflarning yoki ulardan birining iltimosiga yoxud o‘z tashabbusiga ko‘ra ishning ko‘rilishini boshqa vaqtga qoldirib, er-xotinga yarashishlari uchun Oila kodeksining 40-moddasida ko‘rsatilgan doirada, ya’ni olti oygacha bo‘lgan muhlat tayinlashga haqli.
Biroq, shunday holatlar ham bo‘ladiki, er-xotin o‘rtasida munosabat batamom barbod bo‘lgan, ular uzoq yillardan buyon birga yashamaydi, boshqa-boshqa oila qurib, farzandli ham bo‘lishgan yoxud ko‘p yillar mobaynida farzand ko‘ra olmaganliklari oqibatida boshqa oila qurishga qaror qilishgan yoyinki oiladagi boshqa keskin ixtiloflar tufayli bir-birini kechirib bo‘lmaydigan vaziyatga kelib qolishadi. Shunda, sudlar ishdagi maqbul dalillar va yarashtirish komissiyasining xulosasiga asosan er-xotinga muhlat tayinlamasdan ham nikohdan ajratadi.
Afsuski, jamiyatimizda ayollarni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikka uchrash holatlari ham kuzatilmoqda.
Bu holatlarni oldini olish maqsadida qonunchilikka oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikni sodir qilganlikda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 592-moddasiga ma’muriy huquqbuzarlik hamda Jinoyat kodeksining 1261-moddasiga jinoiy javobgarlik bo‘yicha jazo choralari belgilandi.
Bundan tashqari, 2025 yilning 9 aprel kuni qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1053-sonli Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi va Uy-joy kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.
Qonunda oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarning huquqlarini himoya qilishni yanada kuchaytirish hamda bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan normalar belgilandi.
Jumladan, endilikda nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ishlar ko‘rib chiqilayotganda sud oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxsning talabiga ko‘ra yarashish uchun muhlat tayinlamasligi belgilandi.
Bundan tashqari, Qonun bilan Uy-joy kodeksining 32-moddasi to‘ldirildi. Chunonchi, turar joydan foydalanish haqidagi nizolar ko‘rib chiqilayotganda sud taraflarning kelishuviga asosan mulkdorning tashabbusiga ko‘ra turar joyga majburiy tartibda kiritilayotgan tarafni mulkdorga tegishli mutanosib sharoitlarga ega bo‘lgan boshqa turar joyga kiritish yoki ijaraga olingan turar joy uchun ijara haqini to‘lash majburiyatini mulkdorning zimmasiga yuklatishi mumkinligi nazarda tutildi.
Albatta, ushbu normaning amaliyotga joriy etilishi tazyiq va oilaviy zo‘ravonlik holatlari mavjud bo‘lgan oilalarda huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir bo‘lishining oldini oladi, xususan xotin-qizlarning ham huquqlarini yanada mustahkamlashga, turar joy masalalarini qonuniy hal qilishga ham xizmat qiladi.
Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi takomillashtirilishi natijasida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilganligi munosabati bilan Oliy sud rahbariyatining tashabbusiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish ham belgilab olindi.
Sudlar tomonidan moddiy va protsessual huquq normalari bir xilda qo‘llanilishiga erishish maqsadida Plenum qarori loyihasini ishlab chiqishda ishtirok etgan ishchi guruhning bir a’zosi sifatida mazkur Qonundagi yangi normalar albatta Jamiyatimizning muhim bo‘g‘ini hisoblangan oilalarni mustahkamlashga, ularning xavfsizligi va farovonligi darajasini oshirishga, shuningdek xotin-qizlarimizning ham ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini kuchaytirishga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tmoqchiman.
Zero, asosiy maqsadimiz oilalarni mustahkamlashga, ularda o‘zaro muhabbat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish, sog‘lom muhitni vujudga keltirishga, yangi ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda xotin-qizlarning manfaatlarini qo‘riqlashga, voyaga yetmagan bolalarni himoyalashga qaratilgandir.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Zarbdor tumanlararo sudi raisi Odil Yuldoshboevich Egamberdiev
