Yangi Namangan tumanida zamonaviy tug‘ruq kompleksi barpo etilmoqda
2026-09-23 12:20:00 / Yangiliklar
Yangi Namangan tumanining “Chamanzor” mahallasida “DENTAFILL MEGA PHARM” MChJ tomonidan zamonaviy ginekologiya markazi va tug‘ruq kompleksi qurilmoqda. Qiymati 7 million AQSh dollariga teng loyiha doirasida 70 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Markazda ayollar onkologik kasalliklari va bepushtlikni davolash yo‘nalishlarida zamonaviy tibbiy texnologiyalardan foydalaniladi. Shuningdek, Germaniyadan keltiriladigan tibbiy uskunalar bilan jihozlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 60 nafar bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
Ahamiyatlisi, markazda onalar va chaqaloqlar uchun “chillaxona” tashkil etilib, tug‘ruqdan keyingi davrda zarur parvarish va tibbiy kuzatuv yo‘lga qo‘yiladi.
Tuman hokimi obyektda bo‘lib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi va mas’ullarga loyihani sifatli hamda belgilangan muddatlarda amalga oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati






