Ta’lim sohasi vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-09-18 18:00:00 / Yangiliklar

Muloqot davomida o‘quvchilarni oliy ta’limga tayyorlash va qamrovini kengaytirish, ularning qobiliyati va qiziqishlariga mos kasb tanlashiga ko‘maklashish, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy yo‘nalishlarga e’tibor qaratish muhimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish, milliy sertifikatga ega o‘quvchilar sonini ko‘paytirish, yoshlarning fanlarga qiziqishini kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralar muhokama qilindi.
Yig‘ilishda mavjud kamchiliklar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqilib, ta’lim natijalari va reyting ko‘rsatkichlarini yaxshilash yuzasidan mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi. Yoshlar kelajagiga daxldor masalalarda mas’uliyatni yanada oshirish zarurligi qayd etildi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalar qamrovini oshirish, muassasalarda tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Kun tartibidan ta’lim muassasalarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi va issiqlik ta’minoti holati ham o‘rin oldi. Aniqlangan masalalarni bartaraf etish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.
Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati









