Tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar taqdimoti o‘tkazildi
2026-09-14 10:50:00 / Yangiliklar

Taqdimotda tuman hududidagi gaz tarmoqlari va gaz tartibga solish punktlarining texnik holati, shuningdek, mavsumga tayyorgarlik doirasida bajarilgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Jumladan, 84 ta gaz tartibga solish punkti texnik taftishdan o‘tkazilib, 5 ta yangi zamonaviy gaz tartibga solish punkti o‘rnatildi. 29 km yer osti gaz quvurlari bosim ostida zichlikka sinovdan o‘tkazildi. Shuningdek, 54,5 km yer osti gaz quvurlari maxsus priborlar va “Mobil laboratoriya” usulida tekshirildi.
Bundan tashqari, 32,3 km gaz tarmoqlari tartibga keltirilib, bo‘yoqlash ishlari amalga oshirildi, 600 ta xonadondagi gaz hisoblagichlarga regulyatorlar o‘rnatildi hamda 17,4 km tartibsiz qo‘shqator gaz tarmoqlari tartibga solindi.
Amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida tumanning 14 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi 3 115 ta aholi xonadonlarining tabiiy gaz ta’minotini yaxshilashga erishiladi.
Taqdimot yakunida kuz-qish mavsumida gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash, mavjud tarmoqlarni muntazam nazorat qilish va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar belgilab berildi.
Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati




