Mahallaning yangilangan qiyofasi bayram arafasida aholiga munosib tuhfа bo‘ldi
2026-08-30 02:50:00 / Yangiliklar

Bugun mazkur mahallada yangi infratuzilma obyektlarining ochilishi munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. Unda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
2026-yilda mahallaga budjet va homiylik mablag‘lari hisobidan 5,3 mlrd so‘m yo‘naltirilib, 3,6 km yo‘l asfaltlandi, 600 metr piyodalar yo‘lagi barpo etildi, 160 ta tungi yoritish chirog‘i o‘rnatildi. Bolalar va futbol maydonchalari, workout maydonlari hamda 200 dan ortiq avtoturargoh o‘rinlari yaratildi. 17 ta ko‘p qavatli uy fasadlari ta’mirlanib, mahallaning tashqi qiyofasi yangilandi.
Kommunal tarmoqlar ham modernizatsiya qilinib, gaz, elektr, ichimlik va oqova suv tizimlari yaxshilandi. Shuningdek, zamonaviy kutubxona, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, birlamchi tibbiy yordam hamda favqulodda holatlardan erta ogohlantirish punktlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Yangilangan muhit va zamonaviy infratuzilma Mustaqillik bayrami arafasida Abu Rayhon Beruniy mahallasi ahliga munosib tuhfa bo‘ldi.
Tantanali tadbir davomida yangi obyektlar ko‘zdan kechirilib, aholi bilan muloqotlar o‘tkazildi. Mahalladagi bugungi yangilanishlar odamlar uchun munosib turmush sharoiti yaratish, hududlarni obodonlashtirish va inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi amaliy ishlarning yana bir ifodasidir.
Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati









