Yangi Namangan tumani IIB boshlig‘i podpolkovnik Suinbayev Xayrullo Suinbayevichning tuman aholisiga murojaati
2026-06-20 15:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Giyohvandlik dunyo jamoatchiligini xavotirga soladigan darajada yoyilib ketmoqda. Oxirgi 20 yilda ko‘p mamlakatlarda giyohvandlik vositalari bilan birga psixotrop va psixofaol moddalarni iste’mol qiluvchilarning soni oshib bormoqda.
Ayniqsa, yoshlar o‘rtasida giyohvand moddalar tarqalishining oldini olish barchamizning ustuvor vazifamiz bo‘lib qolmoqda.
Ko‘pincha oddiy qiziqish yoki atrofdagilarning ta’siri ostida qabul qilingan bir dona giyohvand modda ham insonni og‘ir qaramlik girdobiga tortib ketishi mumkin. Buning oqibatida yoshlar ta’limdan, mehnatdan va jamiyat hayotidagi faol ishtirokdan uzoqlashadi.
Giyohvandlik insonning tafakkurini susaytiradi, sog‘lig‘iga jiddiy putur yetkazadi hamda uni turli huquqbuzarlik va jinoyatlarga yetaklashi mumkin.
Eng ayanchlisi shundaki, bu illat yoshlarning ulkan orzulari va yorqin istiqbolini barbod etadi. Ota-onaning ishonchi, ustozlarning sa’y-harakatlari va yillar davomida erishilgan muvaffaqiyatlar bitta noto‘g‘ri qadam sabab yo‘qqa chiqishi mumkin. Shuni alohida ta’kidlash joizki, giyohvand moddalarni saqlash, iste’mol qilish, olib yurish yoki tarqatish amaldagi qonunchilikka ko‘ra qat’iyan taqiqlangan.
Bunday qilmishlar uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, qonunni buzgan har bir shaxs qonun oldida javob beradi. Birgina xato qaror insonni nafaqat sog‘lig‘idan, balki ozodligidan ham mahrum etishi mumkin.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlar yurtimizning ertangi kuni, oilalaringizning tayanchi va jamiyatimizning eng katta boyligisiz. Hayotingizni giyohvandlik kabi halokatli illat xavfi ostiga qo‘ymang. Sog‘lom turmush tarziga amal qiling, sport bilan shug‘ullaning, bilim oling va ezgu maqsadlar sari intiling. Hayot — inson uchun eng bebaho ne’mat. Uni asrash va qadrlash har birimizning burchimizdir.
Giyohvandlikka qat’iy “Yo‘q!” deng!
O‘z kelajagingizni bugundan himoya qiling!
Yangi Namangan tuman IIB boshlig‘i podpolkovnik
Suinbayev Xayrullo Suinbayevich
