Namangan viloyati hokimi media sohasi vakillari bilan uchrashdi: kun tartibida 65-xalqaro "Gullar festivali".
2026-04-30 10:05:00 / Matbuot anjumanlari

Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov ommaviy axborot vositalari vakillari,jurnalist va blogerlar bilan uchrashib, bu yilgi festivalning o‘ziga xos jihatlari haqida ma’lumot berdi.
Ochiq muloqot tarzida o‘tgan matbuot anjumanida joriy yilda 65-marotaba tashkil etiladigan Xalqaro "Gullar festivali"ga tayyorgarlik ishlari, mavjud masalalar va takliflar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda jurnalistlar festivalni yuqori saviyada yoritish, axborot tarqatishda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, xorijiy sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qiluvchi PR-kompaniyalarni kuchaytirish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Shuningdek, infratuzilmani yaxshilash, transport va logistika, mehmonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish kabi masalalar ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Viloyat rahbari barcha takliflar e’tibor bilan o‘rganilishini, festival nafaqat go‘zallik bayrami, balki hududning investitsiyaviy va turistik salohiyatini namoyon etuvchi muhim maydon ekanini ta’kidladi.
Uchrashuvda media vakillari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borish, festivalni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Namangan viloyati hokimligi Axborot xizmati.









