“Yoshlik” KSZdagi loyihalar ijrosi tanqidiy o‘rganildi
2026-05-02 11:15:00 / Yangiliklar
Yangi Namangan tumanida tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
“Saxovat” mahallasida joylashgan “Yoshlik” kichik sanoat zonasida 32 ta loyiha rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 11 tasi ishga tushirilgan, qariyb 400 ta ish o‘rni yaratilgan. Qolgan loyihalarda esa qurilish ishlari sust ketmoqda.

Tuman hokimi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishda ayrim loyihalarda ishlar belgilangan muddatlarda bajarilmayotgani, ba’zilari esa umuman boshlanmagani tanqid qilindi. Bu holatlar loyihalar samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan yer maydoni ajratib berilganiga qaramay, uzoq vaqt davomida faoliyat boshlamay, maydondan samarali foydalanmayotgan tadbirkorlar bilan tuzilgan shartnomalarni qayta ko‘rib chiqish va zarur hollarda bekor qilish masalasi ko‘tarildi.
O‘rganish yakunlariga ko‘ra, loyihalarni tezlashtirish, mas’uliyatni oshirish hamda bo‘sh turgan maydonlardan samarali foydalanish bo‘yicha qat’iy choralar belgilandi.
Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati




