“Yoshlar kuni” — “Mingchinor” mahallasida haqiqiy festivalga aylandi
2026-04-02 12:40:00 / Yangiliklar
Yangi Namangan tumanining “Mingchinor” mahallasidagi 2-maktabda o‘tkazilgan “Yoshlar kuni” tadbirlari keng qamrovli festival tarzida yuqori saviyada tashkil etildi.

Milliy liboslar uyg‘unligida o‘tgan tadbirda yoshlar o‘z iqtidor va salohiyatlarini turli yo‘nalishlarda namoyon etdilar. Xususan, shaxmat-shashka, stol tennisi, boks, gimnastika bo‘yicha musobaqalar, rasm chizish tanlovlari hamda milliy taomlar — osh tayyorlash bo‘yicha bellashuvlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, arqon tortish, arg‘imchoqda sakrash, kurash kabi milliy o‘yinlar tadbirga alohida shukuh bag‘ishladi. Bolajonlar ijrosidagi jozibali raqslar esa bayramga ko‘tarinki ruh baxsh etdi.
Mazkur festival yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish, milliy qadriyatlar va an’analarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati









