Otaliqqa olingan yoshlar bilan ochiq muloqot qilindi
2026-03-19 14:15:00 / Yangiliklar

Navbatdagi tadbir Namangan viloyatining Yangi Namangan tumanida tashkil etildi. Unda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i otaliqqa olingan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda 300 nafardan ortiq yigit-qizlar ishtirok etdi. Tumanda jami 287 nafar yosh otaliqqa olingan bo‘lsa, ulardan 197 nafari ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan.
Tadbir avvalida biriktirilgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar aniq belgilab olindi.
Muloqot davomida yoshlarning murojaat va takliflari tinglandi. Xususan, probatsiya nazoratida bo‘lgan ayrim yoshlar hisobdan chiqarish masalasida yordam so‘radi. Tuzalish yo‘liga o‘tgan fuqarolarga nisbatan qonuniy yechimlar belgilab berildi.
Shuningdek, davolanish, “metrika” hujjatlarini rasmiylashtirish, ishga joylashish, uy-joy ta’miri, moddiy yordam, ta’limga tiklash hamda kontrakt to‘lovlarini qoplash kabi masalalar yuzasidan bildirilgan murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi.
Tadbir yakunida yoshlarga xatolardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, munosib kasb egallab, jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lish va yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Bunday amaliy uchrashuvlar yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini tezkor hal etish va kelajakka ishonchini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yangi Namangan tumani hokimligi axborot xizmati









