1-sentabrdan milliy qonunchilikda qanday o`zgarishlar bo`ladi?
2026-08-28 14:10:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasida 2026-yil 1-sentabrdan quyidagi asosiy o‘zgarishlar kiritildi:
Xususan:
Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori va bazaviy hisoblash miqdori hamda davlat bojlari va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun ijtimoiy soliq miqdorlari oshiriladi.
Gaz ballon uskunalari bo‘yicha amaldagi texnik ko‘rikdan o‘tmagan avtomobillarga gaz to‘ldirish taqiqlanadi.
Alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni ta’limga jalb qilish bo‘yicha «oilabay» ishlash tizimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy xodim ota-onalarga ta’lim va ijtimoiy xizmatlar olishda amaliy ko‘mak ko‘rsatib boradi.
«1146» qisqa raqamli ishonch telefoni orqali odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlari qabul qilinadi. Ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va boshqa masalalar bo‘yicha maslahatlar beriladi.
Boshpanasiz shaxslarning roziligisiz ularni sud qarori asosida ijtimoiy markazlarga joylashtirish amaliyoti bekor qilinadi. Ular faqat ularning roziligi bilan joylashtiriladi, vaqtinchalik boshpana, oziq-ovqat hamda shaxsiy gigiyena vositalari bilan ta’minlanadi.
Boshpanasiz shaxslarning bandligini ta’minlash yangi qoidalar asosida amalga oshiriladi.
Sport maktablari xodimlariga ommaviy sport tadbirlari ishtirokchilarini rivojlantirish va saralash ishlari hamda sport natijalari uchun bazaviy ish haqiga har oylik qo‘shimcha ustamalar to‘lanadi.
Elektron davlat xaridlari tizimida autsorsing xizmatlarini tashkil etish uchun maxsus sahifa ishga tushiriladi.
Barcha turdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari va gaz quyish inshootlarida, shu jumladan o‘z ehtiyojlari uchun yoqilg‘idan foydalanadigan obyektlarda ortiqcha bosim ostida ishlaydigan, xizmat muddati o‘tgan yoki ishlab chiqarilgan sanasi noma’lum bo‘lgan uskunalardan foydalanish cheklanadi.
17-sentabrga qadar bir qator korxona va tashkilotlar spirtli ichimliklar va tamaki mahsulotlarining zarari to‘g‘risidagi axborot panellarining yangi namunalarini tayyorlashlari va joylashtirishlari lozim.
Yo‘lovchilar avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi terminallari bilan jihozlangan avtobusga chiqishda yo‘l haqini to‘lashlari lozim.
«Chuqur darajadagi aqliy zaiflik» tashxisi qo‘yilgan 18 yosh va undan katta yoshdagi shaxslarni parvarishlash bilan band bo‘lgan qonuniy vakilga o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha bo‘lgan nogironligi bo‘lgan bolani parvarishlash bo‘yicha nafaqa miqdorida har oyda parvarishlash nafaqasi to‘lanadi.
To`lqinboy Haydarov,
Yangiqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi
Davlat xizmatlari markazi direktori/
Olimjon Axmedov,
markazning yetakchi mutaxassisi
