Qorapolvon mahallasida sayyor sud va ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-07-09 14:25:00 / Yangiliklar

Bugun Yoshlar kuni munosabati bilan “Namunali mahalla” tizimi orqali tanlab olingan Qorapolvon mahallasida tuman hokimi va tuman prokurori ishtirokida, Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi tergov sudyasi raisligida sayyor sud majlisi o‘tkazildi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning sabablari tahlil qilinib, ularning oldini olish, profilaktik chora-tadbirlar samaradorligini oshirish hamda huquqiy madaniyatni yuksaltirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, mahalla yettiligi va faollari ishtirokida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot namoyish etildi.
Tadbirda mehnat migratsiyasida bo‘lgan yoshlar bilan manzilli ishlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash va yarashtirish, oilaviy ajrimlarning oldini olish, xotin-qizlar va yoshlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga qarshi kurashish, shuningdek, sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mutasaddilar tomonidan mahallada tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda ularni turli salbiy ta’sirlardan asrash borasidagi ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.
Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi Axborot xizmati







