Asrga teng umr, mehnatga yo‘g‘rilgan hayot
2026-05-08 21:15:00 / Yangiliklar

Fannura Bakirova hujjatlarda 97 yoshni qarshi olgan bo‘lsalar-da, o‘zlarining aytishlaricha, 1925 yilda tug‘ilganlar. Demak, bugun 101 bahorni qarshi olayotgan tabarruk onaxonning umr yo‘llari butun bir davr tarixini o‘zida mujassam etgan.
Toshkent viloyatida tug‘ilib o‘sgan Fannura opaning bolaligi va yoshligi Ikkinchi jahon urushi yillaridagi og‘ir mehnat, tanqislik va ocharchilik davriga to‘g‘ri keldi. Urush maydonida bo‘lmagan bo‘lsalar-da, front ortidagi mashaqqatli mehnatlari bilan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan insonlardan biri bo‘ldilar.
Keyinchalik yangiqo‘rg‘onlik A’loxon Valiyev bilan oila qurib, 5 nafar farzandni voyaga yetkazdilar. Eng muhimi, farzandlarining barchasini oliy ma’lumotli qilib tarbiyalab, jamiyatga munosib inson etib kamol toptirdilar. Bu esa onaxonning hayotdagi eng katta yutuqlaridan biri bo‘ldi.
Fannura Bakirova uzoq yillar davomida sobiq kolxozlarda, keyinchalik tuman oziq-ovqat tayyorlov korxonasida hisobchi sifatida ishlab, o‘zining mas’uliyati, mehnatsevarligi va pokiza fe’li bilan el hurmatini qozondi.
9 may — Xotira va qadrlash kuni arafasida tuman hokimi A.Najmiddinov front orti mehnat faxriysi xonadonida bo‘lib, onaxon holidan xabar oldi. Fannura opaning nuroniy chehrasi, hayot sinovlarida toblangan matonati va shukronalikka to‘la suhbatlari yig‘ilganlarga katta ta’sir qildi. Bunday insonlar — yurtning tirik tarixi, sabr va mehnat timsolidir.
Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi Axborot xizmati

