Tirik tarix sohibiga ehtirom
2026-05-08 21:05:00 / Yangiliklar

Xonadonga Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida viloyatdagi mudofaa va xavfsizlik, huquq-tartibot idoralari rahbarlari tashrif buyurdi. 9 may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu yo‘qlov tinchlik uchun xizmat qilgan insonlarga bo‘lgan yuksak ehtiromning yana bir ifodasi bo‘ldi.
Harbiy orkestr sadosi va keng jamoatchilik ishtirokida tadbir yanada ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Viloyat rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammadibrohim otaga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi hamda 30 million so‘m pul mukofoti va bayram sovg‘alarini topshirdi.
Uchrashuvda keksalarning bosib o‘tgan hayot yo‘li va boy tajribasi yosh avlod uchun beqiyos ibrat ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning qadri beqiyos ekani, bu ne’matlar uchun shukronalik hissi doimo ustuvor bo‘lishi zarurligi qayd etildi.
Nuroniy otaxonning hayot sinovlarida toblangan matonati va shukronalikka to‘la suhbati yig‘ilganlarga katta ta’sir qildi. Bunday insonlar — yurtning tirik tarixi, sabr va mehnat timsolidir.
Yangiqo‘rg‘on tumani hokimligi Axborot xizmati







