PRESS-RELIZ
2025-08-01 14:45:00 / Press-relizlar

Mamlakatimizda aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, sog‘liqni saqlash sohasini boshqarish tizimining samaradorligini oshirish hamda xalqaro standartlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida tibbiyot xalqqa yanada yaqinlashib, ortiqcha ovoragarchilik, byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish orqali bemorlarga qulayliklar yaratilyapti. Yangihayot tumanida ham bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar bugun o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.
Xususan, uzoq yillardan buyon aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosi anchagina ta'mirtalab ahvolga kelib qolgan edi. Joriy yil boshida mazkur tibbiy muassasada mukammal ta'mirlash ishlari boshlangan edi. Bugun, joriy yilning 1-avgust kuni mukammal ta’mirlash ishlari olib borilgan Yangihayot tumani Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika binosining ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
Ma’lumot uchun, ta’mirlash ishlari davomida poliklinika xodimlari Xushnud mahallasida joylashgan 72-sonli poliklinikada o‘z faoliyatini davom ettirib, tuman aholisiga uzluksiz tibbiy xizmat ko‘rsatib keldi. Shuningdek, oila shifokorlari brigadalari tomonidan 10 ta mahallada aholiga joyida tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Ta’mirdan so‘ng tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika qariyb 100 ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. Tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika xizmat hududiga 18 ta mahalla biriktirilgan. Tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika 1 smenada 450 qatnovga mo‘ljallangan. Tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada bemorlarni eng ko‘p qiynaydigan masala shifokor qabuliga uzundan uzoq navbat kutish, albatta. Bu holat, ayniqsa, yosh bolali ayollar, homiladorlar va og‘ir bemorlarga qiyinchilik tug‘dirishi bor gap. Bu muammoning yechimi esa avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etishdir. Shundan kelib chiqqan holda bugun yurtimizda tibbiyot sohasini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilyapti. 2025-yil iyul oyida tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika mukammal ta’mirdan ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi va birinchi navbatda tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada "Elektron poliklinika” axborot tizimi takomillashtirildi. Avvalgi tizimdan farqli o‘laroq, mazkur dasturning patronaj xizmati raqamlashtirilib, "Elektron retsept" tizimi joriy etilgan, Shuningdek, unda real vaqt rejimida statistik ma’lumotlarni shakllantirish va bemorlarga oid shaxsiy ma’lumotlarni yetarli darajada himoyalash ta’minlangan hamda axborot tizimlar o‘zaro integratsiya qilingan. Qayd etish kerakki, takomillashtirilgan "elektron poliklinika" axborot tizimining joriy etilishi hisobiga avval bemor shifokor qabulida 40 daqiqa navbat kutgan bo‘lsa, endilikda mutaxassis ko‘rigiga onlayn yozilish orqali bu vaqt 10 daqiqagacha qisqaradi. Qolaversa, avtomatik hisobot shakllanishi orqali oylik 28 turlari blanka va formalar bekor qilindi, tibbiy ma’lumotlarni elektron shaklda saqlash imkoni yaratildi, elektron hukumat platformalari bilan integratsiya qilindi. Mazkur yangilikning yana bir qulayligi shundaki, tuman Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikaga kelgan bemorning yuzini aniqlash dasturi orqali darhol xizmat ko‘rsatish rejimiga o‘tiladi. Ya’ni fuqarodan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar so‘rash bilan ortiqcha vaqt yo‘qotilishi va ovoragarchiliklarga chek qo‘yildi. Shuningdek, uning yordamida yagona tibbiy raqam shakllantirilib, bemor statsionar davolanishlar yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanishi va o‘ziga tegishli tibbiy ma’lumotnomalar bilan masofaviy tanishish imkoniga ega bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda, "Elektron poliklinika" tizimining takomillashtirilgan yangi talqinining yo‘lga qo‘yilishi sog‘likni saqlash muassasalari o‘rtasida tibbiy ma’lumotlar almashinuvi uchun dasturiy muhit yaratish sohani davr talablariga moslashtirish orqali uni modernizatsiya qilishga yordam beradi.
