O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi - Yangihayot sanoat xabi uchun yangi istiqbollar eshigini ochadi
2026-09-17 16:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Davlatimiz rahbarining Koreya Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifi nafaqat mamlakatimizning tashqi iqtisodiy aloqalarida yangi bosqichni ochdi, balki hududlar, xususan, poytaxtimizning eng yosh va shiddat bilan rivojlanayotgan Yangihayot tumani uchun ulkan imkoniyatlar eshigini keng ochdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yuksak texnologiyalar, investitsiya va sanoat kooperatsiyasiga tayanmoqda. Ushbu kelishuvlarning amaliy samarasidan aynan Yangihayot tumanining manfaati nihoyatda yuqoridir.
Yangihayot tumani qisqa davr ichida yirik ishlab chiqarish va logistika markaziga aylandi. Bugun tumanimizda:
- Yuzlab zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, jumladan, yengil va og‘ir sanoat, qurilish materiallari hamda qayta ishlash quvvatlari faoliyat yuritmoqda;
- «Yangihayot» industrial texnoparki xorijiy investorlar uchun tayyor infratuzilmaga ega qulay maydoncha vazifasini o‘tamoqda;
- Transport-logistika tugunlarining mavjudligi mahsulotlarni eksportga yo‘naltirishda katta ustunlik bermoqda.
Janubiy Koreya dunyoda yuqori texnologiyalar, «yashil» energetika, elektrotexnika va avtomatlashtirilgan sanoat bo‘yicha yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Davlatimiz rahbarining mazkur tarixiy tashrifi doirasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar hamda imzolangan strategik hujjatlar Yangihayot tumanining iqtisodiy salohiyatini yangi bosqichga olib chiqishda, sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish va hudud infratuzilmasini kompleks rivojlantirishda kuchli strategik drayver vazifasini o‘taydi.
Tumandagi mavjud korxonalarga Koreyaning energiya tejamkor, avtomatlashtirilgan zamonaviy texnologiyalarini joriy etish orqali mahsulotlar tannarxini kamaytirish va sifatini jahon standartlariga ko‘tarish, texnopark hududida koreyalik investorlar bilan hamkorlikda yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarni tashkil etish imkoniyati yuqoridir. Texnologik yangiliklarning kirib kelishi mahalliy yoshlarimiz uchun zamonaviy muhandislik va texnologik sohalarda yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Xalq deputatlari Yangihayot tumani Kengashi deputati sifatida shuni ta’kidlashim joizki, davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilayotgan bunday keng ko‘lamli imkoniyatlarni joylarda to‘liq ro‘yobga chiqarish bizning asosiy vazifamizdir. Mazkur tashrif natijasida erishilgan kelishuvlar Yangihayot tumanini nafaqat poytaxt, balki butun respublika miqyosidagi ilg‘or sanoat drayveriga aylantirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
S. Vafaev
Xalq deputatlari Yangihayot tumani Kengashi raisi.
