Yangihayot tumani hokimining aholi va tadbirkorlarga murojaati
2026-09-12 21:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli yangihayotliklar!
Davlatimiz rahbarining Toshkent shahriga tashriflari doirasida tumanimiz aholisi va tadbirkorlik subyektlariga qulay shart-sharoitlar yaratish orqali, ularni davlatdan rozi qilish hamda belgilangan ustuvor maqsadlarga erishish bo‘yicha topshiriqlarni oldik.
Berilgan barcha topshiriqlar tumanimizni yanada rivojlanishi, investorlar uchun jozibador bo‘lishi, sanoatlashishi va obod bo‘lishiga tegishli.
E’tibor qaratishimiz zarur bo‘lgan masalalar:
1. Tumanimiz Toshkent shahriga kirish darvozalaridan biri bo‘lishiga qaramasdan yirik logistika markazlarini tashkil etish imkoniyatlarimizdan to‘liq foydalanganimiz yo‘q.
2. Tumanimizda oxirgi 5 yilda 2 ta umumiy maydoni 870 gektarga yaqin sanoat zonalari, 100 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilganiga qaramasdan zamonaviy biznes va moliyaviy markazlar mavjud emas.
3. Oxirgi yillarda ko‘p kvartirali uylar qurilib, foydalanishga topshirilgan biroq ularda yashovchi aholini ijtimoiy infratuzilma bog‘cha, maktab, tibbiyot muassasalari bilan ta’minlash ishlari talabga javob bermaydi.
4. “Jaloyir”, “Yangi Gulzor”, “Xo‘ja Uchqun” mahallalarida markazlashgan ichimlik suvi ta’minoti oxiriga yetkazilmagan.
Bularni tuman hokimi sifatida o‘zimning kamchiligim deb tan olaman va ular bo‘yicha nima qilishimizni aytaman.
Mahallalar
Tumanimizdagi 30 ta mahallada obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Har bir mahalla bo‘yicha loyiha mahalla faollari ishtirokida muhokama qilinadi.
Malakasi yetarli, mahallada obro‘ va e’tibori bo‘lgan, mas’uliyatli mahalla raislari atrofida nuroniylar jamoasini shakllantirib beramiz.
Ish o‘rni, investitsiya va daromad
Kambag‘allikni qisqartirish borasida 4 030 ta aholi daromadini oshirish, 3 270 ta ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, 771 ta o‘zini o‘zi band qilish va 45 ta oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishimiz zarur.
Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatini noturar joyga o‘tkazmasdan savdo va xizmat ko‘rsatishga moslashtirishga ruxsat berildi (tumanimizda bunday imkoniyatga ega 5 mingta kvartira bor). Tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti 100 milliondan
200 million so‘mga oshirildi.
Shu yilning o‘zida 4 ta bank bilan birga 200 nafar yangi tadbirkorni ishga tushirib, 1 mingta ish o‘rni yaratamiz.
Tumanda 75,3 mlrd so‘mlik 6 ta davlat obyekti va 1,5 trln so‘mlik 70 gektarga yaqin yerlar savdoga chiqarilmoqda. Ular bo‘sh yer sifatida emas, tayyor loyiha ko‘rinishida taklif qilinadi
Tumandagi ikkita sanoat zonalarida 100 ga yaqin tadbirkorlar bilan ishlaymiz: maqsad — ish o‘rinlarini hozirgi 18 mingdan 50 mingtaga yetkazib, qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratamiz.
Tumanda investitsiya rejasi 500 mln dollar. Mazkur rejani to‘liq bajarib, “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi hududidagi 100 gektar yer maydonida Birlashgan Arab Amirliklaridan jalb etilgan investor bilan hamkorlikda umumiy qiymati 290 mln dollar bo‘lgan “quruq port” formatida logistika markazi qurilishi boshlanadi.
“Gulshanobod” mahallasida qiymati 1 mlrd dollarlik “Yangihayot city” loyihasi boshlanib, loyiha doirasida 2 ta “Mall” va biznes markazlari quriladi.
Yil yakuniga qadar sanoat ishlab chiqarish hajmi 16,8 trln so‘mga (o‘sish sur’ati 110 foizga) hamda xizmatlar xajmini 7,7 trln so‘mga (o‘sish sur’ati 117 foizga) bajarilishini ta’minlayman.
Tumanimizning ichki salohiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, Toshkent viloyati aholisini yangi yaratilayotgan va mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hisobiga ish bilan ta’minlovchi markazga aylantiramiz.
Buning doirasida viloyatdan 2 100 nafar ishsiz fuqarolar jalb qilinib, tumandagi 75 ta korxonaga ishga joylashtiriladi.
Bog‘cha, ta’lim, tibbiyot
Navqiron, Yangi Darxon, Yangi Gulzor, Chortoq mahallalarida davlat bog‘chalari;
Xo‘ja Uchqun, Navqiron, Xushnud, Charog‘on, Yangi Choshtepa mahallarida umumta’lim maktablari va ularga qo‘shimcha binolar qurilishini boshlaymiz.
Yangi Darxon mahallasida aholi soni keskin ortib ketgani sababli oilaviy poliklinika quramiz.
Ijtimoiy himoya
Nogironligi mavjudligiga qaramasdan ishlash istagi bor bo‘lgan 255 nafar fuqarolarimizni doimiy ish bilan ta’minlaymiz.
Tumanimizdagi 1 942 ta oila ijtimoiy reyestrda bo‘lib, ularda jami 7 059 nafar oila a’zosi istiqomat qiladi. Reyestrdagi 1 700 ta oilada mehnatga layoqatli a’zolar mavjud bo‘lib, ularni band qilib, daromadini oshirish imkoni bor.
Biz ushbu oilalarga faqat ijtimoiy yordam ko‘rsatish bilan cheklanmay, ularni doimiy daromad manbaiga ega oilalarga aylantirishni asosiy vazifa qilib olganmiz.
Kuz-qish mavsumi
Energetika va kommunal infratuzilmaning barqaror ishlashi uchun shaxsan javob beraman va mas’uliyatni olaman. Noqonuniy qurilmalarni aniqlash ishi bir kun ham to‘xtamaydi – bunda hech kimga imtiyoz bo‘lmaydi.
Ichimlik suvi ta’minotini 100 foizga yetkazamiz. Uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida yangi qurilgan 2 ta va modernizatsiya qilingan 1 ta podstansiya to‘liq ishga tushiriladi.
Yashil makon va obodonlashtirish
Kuz mavsumida 59 mingta daraxt ekamiz. 7 ta ko‘chalarimizda Qo‘rg‘ontepa ko‘chasidagi “pavloniya ko‘chasi” namunasida manzarali daraxtlarga ixtisoslashgan umumiy uzunligi 10 km bo‘lgan tematik xiyobonlar, Chortoq, Yangi Choshtepa va Tashabbus mahallalarida umumiy maydoni 14 gektar bo‘lgan “jamoat parklari” tashkil etamiz.
Shokirariq, Qo‘rg‘ontepa, Qipchoq, Mirzo Tursunzoda, Lutfkor, Qo‘rg‘ontepa ko‘chalarida: 24 km yo‘l qoplami va piyoda yo‘laklari quriladi, 500 ta yoritish va xavfsizlik kameralari o‘rnatiladi, birinchi qavatlardagi 5 200 ta savdo va xizmat obyektlari yagona ko‘rinishga keltiriladi, 35 ming kvadrat metr joy ko‘kalamzorlashtirilib, 300 ta o‘tirish joylari o‘rnatiladi.
Yangihayot tumani hokimi sifatida:
2026-yil yakuniga qadar belgilangan maqsadlarga erishishga,
2027-yilda esa iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya bo‘yicha 400 mlrd so‘mlik 66 ta yangi loyihalarni amalga oshirib, boshlangan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga kafolat beraman.
Sizlardan esa, har qanday murojaatlaringizni, har kuni mahallalarga borganimda yoki 71-210-60-04 telefon raqami, @yangihayottumanihokimligibot orqali yuborishingiz so‘raladi.
Aziz tumandoshlar va hurmatli ishbilarmonlar!
Yuqorida belgilangan har bir maqsad ortida tumanimiz farovonligi va xalqimizning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi mujassam. Barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda, tumanimizni kambag‘allik va ishsizlikdan batamom xoli hududga aylantirishga hamda erishilgan bu natijani barqaror saqlab qolishga qat’iy va’da beraman.
Ishonchim komilki, sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz, halol mehnatingiz va kuchli jamoatchilik nazorati bilan biz ko‘zlangan marralarga albatta erishamiz hamda Yangihayot tumanimizni poytaxtdagi eng ilg‘or, obod va namunali hududlardan biriga aylantiramiz.
Tumanimizning farovon kelajagi va yuksalishi yo‘lida barchamiz bir tanu bir jon bo‘lib harakat qilaylik!
Hurmat bilan,
Tuman hokimi X. Inogamov
