Koreyalik mutaxassislar 51-sonli DMTTdagi ta’lim jarayonlari bilan tanishdi
2026-08-20 17:15:00 / Yangiliklar

Koreyalik mutaxassislar 51-sonli DMTTdagi ta’lim jarayonlari bilan tanishdi
Yangihayot tumanidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarning qiziqishi, mustaqil fikrlashi va ijodiy salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan “Bola, o‘yin va pedagog” loyihasi asosida o‘yinga asoslangan ta’lim jarayonlari olib borilmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi amaliy jarayonlarni o‘rganish va ilg‘or tajribalar bilan tanishish maqsadida Koreya Respublikasidagi nufuzli universitet vakillari Yangihayot tumanidagi 51-sonli DMTTda bo‘lishdi.
Tashrif davomida mehmonlar ta’lim muhiti, o‘yinga asoslangan mashg‘ulotlar, pedagoglarning bolalar bilan ishlash usullari hamda zamonaviy pedagogik yondashuvlar bilan tanishdi.
Shuningdek, tajriba almashinuvi davomida o‘yin orqali bolalarning qobiliyatini rivojlantirish, mustaqil qaror qabul qilishiga imkon yaratish va individual yondashuv masalalari muhokama qilindi.
