Korxonalarning eksport salohiyatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda
2026-07-14 11:50:00 / Yangiliklar

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Yangihayot tumanida bo‘lib, tuman hokimining o‘rinbosari va mutasaddilar bilan birgalikda hududdagi bir qator ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini o‘rgandi.
O‘rganishlar davomida mas’ullar “Perfect Leader Electrical” elektr texnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonasi, “Firdavs Shirinliklari” qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi, “Solid Cabel” elektr kabellari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonasi hamda “Maxcopper” MChJning mis quvur mahsulotlarini ishlab chiqarish loyihasida bo‘lib, ularning ishlab chiqarish quvvati, mavjud imkoniyatlari hamda eksport salohiyati bilan yaqindan tanishdi.
Shuningdek, tashrif yakunida “Yangi Avlod” maxsus sanoat zonasida Yangihayot va Sergeli tumanlarida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar bilan ochiq muloqot ham tashkil etildi. Muloqot davomida korxonalar faoliyatini yanada rivojlantirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish hamda ishlab chiqarish jarayonida uchrayotgan ayrim muammo va to‘siqlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.
