Yangihayotda kasbiy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasida muhim hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
2026-06-25 13:05:00 / Yangiliklar

Yangihayotda kasbiy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasida muhim hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
Yangihayot tumanida joylashgan Toshkent iqtisodiyot va soliq texnikumi hamda “JAC Motors Toshkent” MCHJ QK o‘rtasida kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan anglashuv memorandumi imzolandi.
Memorandum doirasida korxona va texnikum o‘rtasida dual ta’lim tizimini yo‘lga qo‘yish, ta’lim dasturlarini ishlab chiqarish ehtiyojlariga moslashtirish, shuningdek, bo‘lajak mutaxassislarga qo‘yiladigan kasbiy va malakaviy talablarni korxona tajribasi hamda takliflari asosida shakllantirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 23-oktabrdagi PF-190-son “Kasbiy ta’lim tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda PQ-316-son “Kasbiy ta’lim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi doirasida yo‘lga qo‘yildi.
