Mahallalardagi yoshlar yetakchilari ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi
2026-06-22 12:50:00 / Yangiliklar

Mahallalardagi yoshlar yetakchilari ishtirokida o‘quv-seminar o‘tkazildi
330-sonli umumta’lim maktabida tuman hokimi o‘rinbosari, tuman din ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi, Yoshlar ishlari agentligi Yangihayot tumani bo‘limi mas’ul rahbarlari hamda mahallalardagi yoshlar yetakchilari ishtirokida “Jaholatga qarshi ma’rifat yoxud ma’naviy tahdidlar — sog‘lom e’tiqod kushandasi” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Tadbir davomida mutaxassislar tomonidan bugungi kunda yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan g‘oyaviy va ma’naviy tahdidlar, ularning kelib chiqish sabablari hamda oldini olish choralari yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi. Shuningdek, internet va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan noto‘g‘ri axborotlar, turli yot g‘oyalar hamda ekstremistik oqimlarning yoshlar tarbiyasiga ta’siri haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Seminarda yoshlarning bilimli, ma’naviy yetuk va Vatanga sadoqatli bo‘lib ulg‘ayishida oila, ta’lim muassasalari hamda mahalla hamkorligi muhim o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
