Yangihayot tumani hokimining 2025-yil amalga oshirilgan ishlar bo'yicha hisoboti
2026-02-26 17:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar
Keyingi besh yil ichida tumanimiz nafaqat Toshkent shahrining, balki butun respublikaning diqqat markazida bo‘lgan jadal o‘sishni namoyish etdi. Bu, birinchi navbatda, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarda o‘z aksini topdi.
Avvalo, aholimiz soni sezilarli darajada oshdi. 2021-yildagi 160,4 ming kishidan 2025-yil yakuniga kelib, aholimiz soni 205,4 ming nafarga yetdi. Bu shunchaki raqam emas, balki tumanimizning jozibadorligi, bu yerda yashash va ishlash uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar natijasidir. O‘sishning 65 foizi aynan migratsiya hissasiga to‘g‘ri kelmoqda, bu esa odamlarning bu yerga kelib, umr o‘tkazishni istashini ko‘rsatadi.
Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi esa misli ko‘rilmagan darajada — 4,5 barobarga o‘sib, 13,6 trillion so‘mga yetdi. Aholi jon boshiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 3,3 barobarga oshdi. Buning ortida metallurgiya, yengil sanoat va qurilish materiallari kabi “drayver” sohalarimizdagi korxonalarning fidokorona mehnati turibdi.
Bozor xizmatlari hajmi 3 barobarga o‘sib, 6,1 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu yerda moliyaviy xizmatlar, aloqa va axborotlashtirish, transport va ko‘chmas mulk xizmatlari yetakchilik qilmoqda. Aholi jon boshiga xizmatlar hajmi 31,7 million so‘mga yetdi, bu odamlarimizning turmush darajasi oshayotganining yana bir tasdig‘idir.
Qurilish sohasida ham sezilarli o‘sish kuzatildi — hajm 2,9 barobarga oshdi. So‘nggi besh yilda 209 ta ko‘p qavatli uy-joylar qurilib, foydalanishga topshirildi. Bu 12 950 ta oilaning uy-joy masalasi ijobiy hal bo‘lganini, ularning yangi, zamonaviy xonadonlarga ega bo‘lganini anglatadi. Bu esa, o‘z navbatida, bir nafar aholiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydonini 23 kvadrat metrga yetkazdi.
Iqtisodiy o‘sishning eng muhim natijasi — bu aholi bandligi va daromadlarining oshishidir. Tumanda band aholi soni 42,9 ming nafarga yetdi. Eng muhimi, kambag‘allik darajasini keskin pasaytirishga erishdik. Agar 2021-yilda bu ko‘rsatkich 10,6 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yil 1-yanvar holatiga kambag‘allik darajasi atigi 2,1 foizni tashkil etmoqda.
O‘tgan yilning o‘zida 1757 ta oila yoki 7001 nafar aholiga kambag‘allikdan chiqish uchun aniq ko‘mak ko‘rsatildi. Ularga ish topishda, kredit olishda, tadbirkorlikni boshlashda yordam berildi. Bu raqamlar ortida odamlar taqdiri, ularning farovonligi tomon tashlangan qadamlar turibdi.
“Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 1065 ta oila daromadini oshirib, reyestrdan chiqarildi. Bu bizning yo‘nalishimiz to‘g‘ri ekanini ko‘rsatadi.
Yoshlar siyosati va ijtimoiy soha
Taraqqiyotning asosiy omili bu — inson kapitali, xususan yoshlar va ularning sifatli ta’lim olishidir.
Ta’lim sohasida tumanimizda 89 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Bolalarni bog‘chaga qamrab olish ko‘rsatkichi 76,1 foizga yetdi. 20 ta umumta’lim maktabimizda 27 588 nafar o‘quvchi bilim olmoqda. Joriy o‘quv yilida 3058 nafar birinchi sinf o‘quvchisi maktabga qadam qo‘ydi.
Farzandlarimiz uchun eng zamonaviy sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. “Toshkent tajribasi” asosida 332-sonli maktab inklyuziv va zamonaviy ta’lim uchun to‘liq moslashtirildi. Ilk bor joriy etilgan “Hokim kubogi” musobaqasida 45 nafar iqtidorli yosh g‘oliblikni qo‘lga kiritib, “Hokim stipendiyasi” sohibi bo‘ldi.
“Yangi Umid” mahallasidagi 329-maktabda 9 ta yo‘nalishda bepul to‘garaklar ochildi. Shuningdek, “Yangi Gulzor” mahallasidagi 335-sonli umumta’lim maktabida rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Yoshlar bilan ishlash tizimi ham tubdan o‘zgardi. Mahallalarda o‘tkazilgan xatlov natijasida 24 928 nafar yosh uch toifaga ajratildi va har biri bilan alohida ishlash yo‘lga qo‘yildi. 120 nafar ishsiz yoshning 69 nafari ish bilan ta’minlandi.
“Besh tashabbus” platformasi orqali 33 340 nafar yosh ro‘yxatdan o‘tib, turli tanlov va musobaqalarda qatnashish imkoniga ega bo‘ldi. Natijada yoshlarimiz shahar va respublika musobaqalarida gandbol, stol tennisi, shashka, gimnastrada va kurash bo‘yicha faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
Prezident farmoniga muvofiq, 2 nafar ijtimoiy ko‘makka muhtoj yoshning o‘quv kontrakt to‘lovlari qoplab berildi.
Tibbiyot sohasi
Tibbiyot sohasida 3 ta birlamchi tibbiyot muassasasi va 6 ta ixtisoslashgan profilaktika muassasasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. O‘tgan yili 2240 nafar chaqaloq dunyoga keldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligining buyrug‘iga asosan, ijtimoiy ko‘makka muhtoj fuqarolarga 138 turdagi dori-darmon vositalari bepul berildi.
Ma’naviyat, sport va madaniyat
Mahallalarda yoshlar bilan ishlash masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman ishchi guruhi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. “Dolzarb 90 kun” doirasida 893 ta tadbir o‘tkazilib, 41 439 nafar yosh qamrab olindi.
Maktabdagi “Kasb markazi” va kunduzgi oromgohlarda dam olgan 700 nafardan ortiq o‘quvchilar uchun ichki turizm sayohatlari uyushtirildi.
Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash
Xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish va ularni qo‘llab-quvvatlash doimiy e’tiborimiz markazida. “Ayollar daftari” tizimi orqali 5724 nafar xotin-qizning muammosi o‘rganilib, har biriga amaliy yordam ko‘rsatildi.
Ularning 2097 nafar farzandiga tibbiy yordam uchun 30 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Prezident qaroriga muvofiq, ehtiyojmand xotin-qizlarning dam olishi va psixologik yordam olishi uchun “Livingston” mehmonxonasiga safarlar uyushtirilib, 750 nafar xotin-qiz qamrab olindi. Ularga tadbirkorlik ko‘nikmalari bo‘yicha seminarlar ham tashkil etildi.
Natijada barcha 5724 nafar xotin-qiz muammolari hal bo‘lgani sababli “Ayollar daftari”dan chiqarildi.
Infratuzilmani rivojlantirish
Taraqqiyot nafaqat raqamlarda, balki ko‘chalar, uylar va insonlar yashaydigan muhitda namoyon bo‘ladi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Elektr ta’minotida 7 ta transformator punkti almashtirildi, 37 km elektr tarmoqlari yangilandi.
Issiqlik ta’minotida “VEOLIA ENERGY” tomonidan 2 ta qozon mukammal, 25 tasi joriy ta’mirlandi va 3,8 km issiqlik quvurlari almashtirildi.
Gaz, suv va oqova suv tarmoqlarida ham ta’mirlash ishlari olib borildi.
Ko‘cha yoritish tizimida 11,8 km simlar yangilanib, 300 ta chiroq ta’mirlandi.
Obodonlashtirish ishlari doirasida 51 209 kv.m asfalt yotqizildi, 980 ming kv.m hudud tozalandi. “Yashil makon” dasturi doirasida minglab daraxt va gullar ekildi.
Shuningdek, 6 ta sayilgoh, 12 ta bolalar va sport maydonchalari, 3 ta mini stadion qurildi.
Investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyat
2025-yilda asosiy kapitalga investitsiyalar 4,6 barobarga oshib, 6,9 trillion so‘mga yetdi.
2026–2028-yillarga mo‘ljallangan dastur asosida tumanda 94 ta korxona tomonidan umumiy qiymati 17,4 trillion so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi. Natijada 5174 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
2025-yil yakuniga ko‘ra eksport hajmi 2,9 barobarga oshib, 223,7 million dollarni tashkil etdi. Eksportda elektrotexnika mahsulotlari (45,1%), qurilish materiallari (26,6%) va metallurgiya mahsulotlari (10,7%) yetakchilik qilmoqda.
