Yangihayot tumani IIO FMB boshlig'ining tuman aholisiga murojaati
2026-01-16 13:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumanimiz fuqarolari va mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, shuningdek, ichki ishlar organlari bilan bog‘liq bir qator muhim qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar muntazam amalga oshirilmoqda.
Ushbu murojaatimning maqsadi ham tumanimiz aholisini kriminogen vaziyatdan ogohlantirish hamda jinoyatlardan jabrlanish ehtimolini minimal darajaga tushirishdan iboratdir. Biz jinoyatlarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularning sodir etilishiga olib keluvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.
Shu munosabat bilan tuman hududidagi jinoyatchilik bo‘yicha qisqacha ma’lumot beramiz. Joriy yilning 12 oyi davomida tumanimiz hududida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlari natijasida 403 ta jinoyat hamda 10 694 ta huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar aniqlandi.
77 nafar shaxs reabilitatsiya markazlariga joylashtirildi, profilaktik hisobda turgan 569 nafar tajovuzkor, ruhiy kasal, giyohvand va spirtli ichimlikka moyil shaxslarning 42 nafari majburiy davolanishga yotqizildi. 228 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderlari berildi. Profilaktika inspektorlari tomonidan jinoyat sodir etishga moyil hamda jinoyatdan jabrlanish xavfi yuqori bo‘lgan 4 121 nafar shaxs bo‘yicha mahalla yettiligiga xulosalar taqdim etildi.
Tumanimiz hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning sezilarli darajada kamayishiga erishildi. O‘g‘rilik, bezorilik, transport vositasini olib qochish, yengil va o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlar kamaydi. Jami oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 49 taga yoki 11,3 foizga kamaydi.
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 30 ta mahallaning 24 tasida jinoyatlar soni kamaygan bo‘lsa, 6 tasida jinoyatlar sodir etilmadi.
Birinchi dolzarb muammo — axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlar, ya’ni kiberjinoyatlar.
Kiberjinoyatlarning asosiy qismini onlayn pul ko‘paytirish (treyding), shuningdek, internet orqali buyurtma qilingan narsa-buyumlar uchun plastik kartalardan pul o‘g‘irlash holatlari tashkil etgan. Jinoyatchilar sun’iy intellektdan foydalanib, mashhur shaxslarning soxta videolarini yaratib, aholini aldamoqda.
Hozirgi kunda tumanimizda tasodifiy jinoyatlar soni ortib bormoqda. Bu jinoyatlarning aksariyati arzimas sabablar tufayli sodir etilmoqda. Masalan, yo‘l talashish yoki tortishish oqibatida yuzaga kelgan jinoyatlar.
Bundan tashqari, tadbirlar davomida yoshlar yonidan o‘tkir tig‘li jismlar hamda giyohvandlik vositalari aniqlanib, qonun doirasida choralar ko‘rilmoqda. Yoshlar tomonidan o‘tkir jismlar yordamida tan jarohati yetkazish holatlari ham kuzatilmoqda. Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185-modda prim 2-qismiga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortilishga asos bo‘ladi.
Hurmatli fuqarolar!
Telegram kanallari orqali barcha uchun yangiliklar, kiberjinoyatchilikning yangi turlari, ulardan himoyalanish usullari va boshqa ma’lumotlarni yetkazib borishni rejalashtirganmiz. Shu maqsadda 30 ta mahallaning har biri uchun Telegram messenjerida guruhlar tashkil etilgan.
Mahalla – maktab – oila hamkorligi asosida huquqbuzarliklarning oldini olishda barcha aholini faol bo‘lishga chaqiramiz.
Agar huquqbuzarliklar yoki jinoyatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, 102 raqami yoki ishonch telefonlari orqali xabar bering.
Yurtimiz tinch, xonadonimiz fayzli bo‘lsin! Birgalikda tumanimizni jinoyatdan xoli hududga aylantiraylik!
