Yangihayot tumani IIO FMB boshlig'ining tuman aholisiga murojaati
2025-11-13 16:05:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumanimiz fuqarolari va mehmonlari!
Muhtaram Prezidentimizning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, shuningdek, ichki ishlar organlari bilan bog‘liq bir qator muhim qarorlar ijrosini ta’minlash maqsadida tumanimizdagi kriminogen vaziyatni yanada barqarorlashtirish, jinoyatchilikni oldini olish bo‘yicha profilaktik chora-tadbirlar muntazam amalga oshirilmoqda.
Ushbu murojaatimning maqsadi ham tumanimiz aholisini kriminogen vaziyatdan ogohlantirish hamda jinoyatlardan jabrlanish ehtimolini minimal darajaga tushirishdan iboratdir. Biz jinoyatlarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki ularning sodir etilishiga olib keluvchi sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish choralarini ko‘rishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.
Shu munosabat bilan tuman hududidagi jinoyatchilik bo‘yicha qisqacha ma’lumot beramiz. Joriy yilning o‘n oyi davomida tumanimiz hududida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 298 marta tezkor qidiruv tadbirlari o‘tkazilib, 272 ta jinoyat fosh etildi. Shuningdek, 7 722 ta huquqbuzarlik sodir etgan shaxslar aniqlandi.
60 nafar shaxs reabilitatsiya markazlariga joylashtirildi, profilaktik hisobda turgan 16 nafar tajavuzkor ruhiy kasal, giyohvand va spirtli ichimlikka moyil shaxslarning 62 nafari majburiy davolanishga yotqizildi. 200 nafar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderlari berildi. Profilaktika inspektorlari tomonidan jinoyat qilishga moyil hamda jinoyatdan jabrlanish xavfi yuqori bo‘lgan 2 872 nafar shaxslar bo‘yicha mahalla yettiligiga xulosalar taqdim etildi.
Tumanimiz hududida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning sezilarli darajada kamayishiga erishildi. O‘g‘irlik, Bezorilik, Transport vositasini olib qochish, yengil va o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish kabi jinoyatlar kamaydi. Jami oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 18 taga yoki 5,4% ga qisqardi.
Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish borasida amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 30 ta mahallaning 22 tasida jinoyatlar soni kamaygan bo‘lsa, 7 tasida jinoyatlar sodir etilmadi.
Birinchi dolzarb muammo: axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlar, ya’ni kiber jinoyatlar. Bunday jinoyatlar zamon va makon tanlamasligi sababli qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Joriy yilda kiber o‘g‘irlik va firibgarlik bo‘yicha 620 ta jinoyat qayd etildi.
Kiber jinoyatlarning asosiy qismini onlayn pul ko‘paytirish (treyding)da, hamda internet orqali buyurtma qilingan narsa-buyumlar uchun plastik kartalardan pul o‘g‘irlash holatlari bo‘lgan. Jinoyatchilar sun’iy intellektdan foydalanib, mashhur shaxslarning soxta videolarini yaratib, aholini aldamoqda.
Hozirgi kunda tumanimizda tasodifiy jinoyatlar soni ortib bormoqda. Bu jinoyatlarning aksariyati arzimas sabablar tufayli sodir etilmoqda. Masalan, yo‘l talashish yoki tortishish oqibatida sodir bo‘lgan jinoyatlar.
Bundan tashqari¸ tadbirlar davomida yoshlar yonidan o‘tkir tig‘li jismlar hamda giyohvandlik vositalari aniqlanib, qonun doirasida choralar ko‘rilmoqda. Yoshlar tomonidan o‘tkir jismlar yordamida tan jarohati yetkazish holatlari ham kuzatilmoqda. Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozimki, sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 185-moddasi prim 2-qismiga ko‘ra ma’muriy javobgarlikka tortilishga asos bo‘ladi.
Hurmatli fuqarolar!
Telegram kanallari orqali barcha uchun yangiliklar, kiber jinoyatchilikning yangi turlari, ulardan himoyalanish usullari va boshqa ma’lumotlarni yetkazib borishni rejalashtirganmiz. Shu maqsadda 30 ta mahallaning har biri uchun telegram messenjerida guruhlar tashkil etilgan. Mahalla – maktab – oila hamkorligi asosida huquqbuzarliklarni oldini olishda barcha aholini faol bo‘lishga chaqiramiz.
Agar huquqbuzarliklar yoki jinoyatlar haqida ma’lumotga ega bo‘lsangiz, 102 raqami yoki ishonch telefonlari orqali xabar bering.
Yurtimiz tinch, xonadonimiz fayzli bo‘lsin! Birgalikda tumanimizni jinoyatdan xoli hududga aylantiraylik!
