DAVLAT AKTIVLARINI XUSUSIYLASHTIRISHDAGI YANGI IMKONIYATLAR.
2026-10-23 09:40:00 / Yangiliklar
DAVLAT AKTIVLARINI XUSUSIYLASHTIRISHDAGI YANGI IMKONIYATLAR.
Xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish orqali iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini kengaytirishga yangi qadam.
Bugun mamlakatimizda iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish, xususiy sektorning o‘rni va rolini yanada oshirish, investitsiyalarni keng jalb etish hamda davlat aktivlaridan samarali foydalanishga qaratilgan islohotlar izchil davom etmoqda.
Shu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 28-avgustdagi PF–177-sonli “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur hujjat iqtisodiyot tarmoqlarida transformatsiya jarayonlarini tezlashtirish, davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xususiylashtirish, investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay sharoit yaratish va davlat aktivlarini boshqarishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.
Asosiy maqsad — davlat ishtirokini qisqartirish.
Farmonga muvofiq, 2026-yilda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish dasturining muhim maqsadli ko‘rsatkichlari belgilangan.
Xususan:
84 ta davlat va davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlaridagi ulushlarni;
1 242 ta ko‘chmas mulk obyektini;
tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun qariyb 8 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 85 ta davlat ishtirokidagi korxonani tugatish va qayta tashkil etish, umumiy qiymati qariyb 100 trillion so‘mlik davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar aktivlari hamda yer uchastkalarini savdoga chiqarish va bundan kamida 14 trillion so‘m tushum ta’minlash maqsad qilib qo‘yilgan.
Bu raqamlar xususiylashtirish jarayoni endi faqat ayrim obyektlarni sotish bilan cheklanib qolmasdan, iqtisodiyotda davlat va xususiy sektor o‘rtasidagi nisbatni yanada optimallashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli jarayon ekanini ko‘rsatadi.
Tadbirkorlar uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar.
Farmonning e’tiborga molik jihatlaridan biri — davlat aktivlarini sotib olishda tadbirkorlar uchun to‘lov mexanizmlarining qulaylashtirilganidir.
Davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini sotib olishda 15 foiz miqdorida avans to‘lovi belgilanadi. Avansni to‘lash uchun 30 kalendar kun muddat beriladi, qolgan summani esa belgilangan tartibda foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi.
Ayniqsa, yirik aktivlar bo‘yicha quyidagi imkoniyatlar tadbirkorlar uchun muhim:
Birinchidan, elektron onlayn-auksion, tanlov va birja savdolarida sotilgan, xarid to‘lovi BHMning 23 ming baravaridan yuqori bo‘lgan davlat aktivlari hamda BHMning 8 ming baravaridan yuqori bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari uchun:
• xaridor 6 oy ichida to‘lovning 100 foizini amalga oshirsa, umumiy summaga nisbatan 25 foiz chegirma qo‘llanadi;
• 6 oyda 50 foiz to‘lov amalga oshirilsa, qolgan mablag‘ni 7 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash mumkin;
• 3 oyda 35 foiz to‘lov qilinsa, qolgan summa 5 yil davomida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lanishi mumkin.
Bundan tashqari, davlat aktivi uchun to‘lovning kamida 50 foizi to‘langanidan so‘ng, xaridorga obyektni rekonstruksiya qilish, jumladan, yangi qurilish uchun buzish va ta’mirlash huquqi beriladi.
Bu esa investorga aktivni xarid qilish bilan bir vaqtda uni modernizatsiya qilish, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va yangi ish o‘rinlari yaratish imkonini beradi.
Shuningdek, elektron onlayn auksion savdolarida auksion qadami auksion obyektining boshlangʻich narxining bir foizi miqdorida belgilanadi va takroriy savdolarda faqat bir nafar talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda, unga ushbu savdoda eʼlon qilingan narxda lotni ixtiyoriy sotib olishni taklif etish tartibi joriy qilindi.
Yana bir muhim o’zgarishlardan biri, elektron onlayn auksion va tanlov savdosini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani eʼlon qilish muddati 30 kundan 15 kunga, takroriy savdolarda — 10 kundan 5 kunga qisqartiriladi;
Sotilmagan aktivlar ham “harakatga keltiriladi”
Amaliyotda ayrim davlat obyektlari auksionga chiqarilgan bo‘lsa-da, ularga xaridor topilmasligi mumkin.
Farmonda bunday holatlar uchun ham yangi mexanizm belgilangan.
Jumladan, davlat aktivlari ochiq elektron onlayn auksion va birja savdolarida uch oy davomida sotilmaganda ularning boshlangʻich narxi qoldiq (balans) qiymati yoki sof aktivlari miqdoridan qatʼi nazar 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytirish imkoniyati nazarda tutilgan.
Aktiv 2 oy davomida sotilmagan taqdirda esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga uni lotlarga ajratish yoki birlashtirgan holda qayta savdoga chiqarish vakolati berilgan.
Davlat aktivlari uch oy davomida sotilmaganda, ularni elektron onlayn auksion va tanlov savdolarida gibrid auksion (anglo-golland modeli) asosida realizatsiya qilishga ruxsat beriladi. Bunda takroriy auksion savdolari mol-mulkning boshlangʻich bahosidan boshlanib, savdo jarayonida dastlab narxni bosqichma-bosqich 2 foizdan pasaytirib borish tartibida, keyinchalik mulkni sotib olish taklifi bildirilganda taklif bildirilgan narxdan boshlab oshirib borish tartibida oʻtkazilishi belgilandi.
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ
Xorazm viloyati guruh rahbari M.Ishchanov
