Yangiariq tumani Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘I, podpolkovnik J.Madrimovning aholiga MUROJAATI
2026-06-01 19:35:00 / Yangiliklar

Hurmatli yurtdoshlar !
Sizlarga yaxshi maʼlumki, bugungi kunda muhtaram Prezidentimizning rahbarligida mamlakatimizda barcha sohalarda ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu islohotlarning tub mohiyati, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, xalqimizning tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, turmush farovonligini oshirishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Birinchidan, jinoyatlarning oldini olish, mamlakatda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash bo‘yicha kuchaytirilgan ish tartibi joriy etildi.
Endi barcha kuch va vositalarni, jinoyatlarning oqibati bilan kurashishga emas, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabab va omillarni aniqlab, bartaraf etishga safarbar qilamiz.
Bu borada huquq-tartibot organlari hamda keng jamoatchilik bilan hamkorlik yana-da kuchaytiriladi, barcha saʼy-harakatlar samarali muvofiqlashtirib boriladi.
Har bir mahalla, xonadongacha tushib, huquqbuzarlik omillarini aniqlashga eʼtiborimizni kuchaytiramiz, jinoyat sodir etgan va bunga moyilligi bor fuqarolar bilan bevosita uchrashuvlar o‘tkazib, “fuqarobay” ish tizimini joriy qilamiz.
Huquqbuzarlik va jinoyatga sabab bo‘layotgan oilaviy, ijtimoiy, moddiy va psixologik muammolarni hal qilishga, har bir fuqaroda “jinoyatchilikka qarshi immunitet”ni bolalikdan shakllantirishga alohida eʼtibor qaratamiz.
“Jinoyatga jazo muqarrar”ligini taʼminlash, jabrlanganlarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralari yana-da kuchaytiriladi.
Yangiariq tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2026-yilning 5 oyi davomida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Xususan, 2026-yil 5 oyida tumanda 117 ta jinoyatlar (53) qayd etilib, shundan, 11 tasi (9,4 foizi) oldi olinishi lozim bo‘lgan, 27 tasi (19,6 foizi) aniqlangan, 79 tasi (67,5 foizi) AKT yordamida sodir etilgan (kiber) jinoyatlarni tashkil etadi.
Oldi olinishi lozim bo‘lgan jinoyat turlaridan, oilaviy zo‘ravonlik 100 foizga (0/1) taga, o‘g‘irlik 100 foizga (3/6) taga, o‘lim bilan bog‘liq bo‘lmagan YTH 100 foizga (1/2) taga oshdi.
Tashabbus bilan aniqlanadigan jinoyatlardan:
2026-yilning 5 oyi davomida tezkor xizmat xodimlari tomonidan 27 ta jinoyatlar aniqlandi, 1 ta tovlamachilik, 2 ta o‘g‘irlik, 2 ta foxishaxona tashkil etish, 8 ta giyohvandlik bilan bog‘liq, 1 ta ma’muriy nazorat qoidasini buzish, 2 ta noqonuniy qurol saqlash, 2 ta qimorxona tashkil etish va 2 ta qalbaki pul, aksiz marka yasash jinoyatlari aniqlanib, jazo muqarrarligi ta’minlandi.
Nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish jinoyatlari sodir etilmadi.
Har 100 ming aholi soniga jami jinoyatlar Yangiariq tumanida o‘rtacha 92,4 tadan to‘g‘ri keladi.
Aziz yurtdoshlar !
Albatta, mamlakatimizda jinoyatchilikni barvaqt oldini olishda biz – Ichki ishlar organlari xodimlari, eng avvalo Sizning xayrixohligingiz, hamjihatligingiz va ko‘magingizga tayanamiz.
Agarda har bir fuqaro jonajon vatanimizni jinoyatdan holi, tinch va xavfsiz o‘lkaga aylantirishga o‘z hissasini qo‘shsa, barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib, birgalikda kurashsak, ko‘zlangan maqsadga albatta erishamiz.
Qonunlarga qatʼiy rioya etish, o‘zgalar huquqi, shaʼni va qadr-qimmatini, mol-mulki daxlsizligini hurmat qilish, ham qonuniy, ham insoniy burchimiz ekanini doimo yodda tutishimiz zarur.
Aziz vatandoshlar, keling, qonun ustuvor, adolat hukmron bo‘lgan jamiyatni birgalikda barpo etaylik!
