Toshkent shahar Yakkasaroy tumani bo‘yicha ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i podpolkovnik A.X.Murodovning
2026-10-16 09:55:00 / Yangiliklar

Bugungi kunda tumanimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada, avvalo, har bir mahalladagi mavjud muammolarni o‘rganish, jinoyat va huquqbuzarliklarga olib kelishi mumkin bo‘lgan sabablarni aniqlash hamda ularni o‘z vaqtida bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, har bir fuqaro bilan alohida ishlash, uning muammosini o‘rganish va zarur hollarda amaliy yordam ko‘rsatishga qaratilgan “fuqarobay” ishlash tizimi asosida ishlar olib borilmoqda.
Shuningdek, “Xavfsiz hudud” tamoyili asosida mahallalarda jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va aholi bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazish ishlari kuchaytirilmoqda.
Eng muhimi, jinoyat sodir bo‘lgandan keyin uni bartaraf etish emas, balki jinoyatga olib kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni oldindan aniqlash va uning oldini olishga harakat qilmoqdamiz.
Shu o‘rinda tumanimizdagi jinoyatchilik ahvoli bo‘yicha ayrim raqamlarga to‘xtalib o‘tsam.
Joriy yilning 9 oyi davomida tuman hududida jami
595 ta jinoyat qayd etilgan.
Sentyabr oyining o‘zida 46 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu avgust oyiga nisbatan 2 taga yoki 4,5 foizga ko‘p.
Ayrim turdagi jinoyatlar sentyabr oyi yakuni bo‘yicha avgust oyiga nisbatan solishtirish yo‘li bilan tahlil qilinganda, ularda o‘sish kuzatilgan, albatta, biz uchun jiddiy ogohlantiruvchi holat.
Jumladan:
bezorilik jinoyati 1 tadan 2 taga ko‘paygan;
og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyati 0 tadan 1 taga oshgan;
firibgarlik jinoyati 1 tadan 2 taga ko‘paygan.
Bu raqamlar profilaktik ishlarni yanada kuchaytirishimiz, ayniqsa, jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘layotgan omillarni o‘z vaqtida aniqlab, bartaraf etishimiz zarurligini ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, ijobiy natijalarimiz ham bor.
Xususan, oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 29 tadan 16 taga, ya’ni 44,8 foizga kamaydi. Bu profilaktik ishlar samaradorligini oshirishda muhim natija hisoblanadi.
Shuningdek, xodimlarning tashabbusi bilan aniqlangan jinoyatlar 13 tadan 30 taga, ya’ni 130,7 foizga yaxshilandi. Bu jinoyatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish borasidagi ishlar kuchayganini ko‘rsatadi.
Hurmatli tumanimiz fuqarolari!
Yana bir muhim masala — yo‘l harakati xavfsizligiga ham alohida to‘xtalib o‘tish zarur.
Joriy yilning 9 oyi davomida tumanimizda jami 15 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 58,3 foizga kamaygan.
Ayniqsa, sentyabr oyida o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari qayd etilmagani quvonarli holat.
Biroq, bu natijalar bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Yo‘llarda ehtiyotkorlikni yanada oshirish, belgilangan tezlikka rioya qilish, transport vositasini mast holda boshqarmaslik va piyodalarga nisbatan e’tiborli bo‘lish — har birimizning vazifamiz.
Shuningdek, bugungi kunda tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan masalalardan biri — kiberjinoyatchilik va internet orqali sodir etiladigan firibgarliklarning oldini olish hisoblanadi.
Fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlari, bank kartalari va mablag‘larini turli kibertahdidlardan himoya qilish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan “APK qo‘riqchi” mobil ilovasi ishlab chiqilgan. Mazkur ilova Android operatsion tizimida ishlovchi qurilmalarni zararli va shubhali dasturlardan himoya qilish, shuningdek, kiberfiribgarlik holatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
“APK qo‘riqchi” ilovasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
Zararli va shubhali fayllarni aniqlash. Ilova Telegram, boshqa messenjerlar yoki turli internet manbalari orqali yuborilgan APK-fayllarni tekshirib, ular tarkibida zararli dastur yoki shubhali faoliyat mavjudligini aniqlashga yordam beradi.
Fuqarolarning moliyaviy xavfsizligini ta’minlash. Telefonga yashirin tarzda o‘rnatilib, bank ilovalaridagi ma’lumotlar yoki mablag‘larga noqonuniy kirishga urinadigan zararli va shpion dasturlarni aniqlash hamda ularning xavfini kamaytirishga xizmat qiladi.
Kiberfiribgarliklarning oldini olish. Noma’lum shaxslar tomonidan yuborilgan shubhali dasturlarni o‘rnatishdan oldin ularni tekshirish orqali fuqarolarni ehtimoliy xavflardan ogohlantirishga ko‘maklashadi.
Shu o‘rinda fuqarolarda “Ushbu dasturdan qanday foydalanish mumkin?” degan savol paydo bo‘lishi tabiiy.
Buning uchun Android qurilmasidagi Play Market ilovasiga kirib, qidiruv qismiga “APK qo‘riqchi” deb yozish va ilovani topib, qurilmaga o‘rnatish lozim. O‘rnatish jarayoni yakunlangach, ilova ishga tushiriladi va unda ko‘rsatilgan yo‘riqnomalar hamda savollarga javob beriladi. Shundan so‘ng ilova faollashtirilib, qurilmadagi xavfli va shubhali APK fayllarni aniqlashda foydalanish mumkin.
Ayniqsa, noma’lum shaxslardan kelgan APK fayllarni shoshilib o‘rnatmaslik, ularni avval tekshirish va shubhali havolalarga o‘tmaslik kiberxavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Shu bois, barcha fuqarolardan o‘z mobil qurilmalari va shaxsiy ma’lumotlarini kibertahdidlardan himoya qilishga mas’uliyat bilan yondashish, “APK qo‘riqchi” kabi himoya vositalaridan foydalanish hamda internetda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish so‘raladi.
Zero, kiberjinoyatchilikning oldini olishda eng muhim omil — bu fuqaroning ogohligi va hushyorligidir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar yoki mas’ul tashkilotlarning vazifasi emas. Bu — barchamizning umumiy vazifamiz.
Shuning uchun har bir fuqaroni o‘z mahallasidagi tinchlik va osoyishtalikka befarq bo‘lmaslikka, shubhali holatlarga e’tiborli bo‘lishga, huquqbuzarliklarning oldini olishda faol ishtirok etishga chaqiramiz.
Biz birgalikda harakat qilsak, jinoyatchilikning oldini olish, mahallalarimizda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash, eng muhimi, fuqarolarimizning xavfsizligini yanada mustahkamlashga erishamiz.
E’tiboringiz uchun rahmat!
