Yakkasaroy tumani hokimi Allabergenova Nilufar Anvarovna tuman aholisi va tadbirkorlariga murojaati
2026-09-12 22:30:00 / Majlislar

Yakkasaroy tumani hokimi Allabergenova Nilufar Anvarovna tuman aholisi va tadbirkorlariga murojaati
Hurmatli tumanimiz aholisi va qadrli tadbirkorlar!
Davlatimiz rahbari tomonidan hududlarda aholi turmush farovonligini oshirish, kambagʻallikni qisqartirish, ishsizlikni bartaraf etish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish tuman hokimlarining eng ustuvor vazifasi etib belgilab berildi.
Hurmatli Prezidentimizning Toshkent shahriga qilgan tashriflarida tumanimizdagi har bir koʻcha, mahalla, maktab va bogʻcha boʻyicha aniq topshiriqlarni belgilab oldik.
Menga, Davlatimiz rahbari kuni kecha juda muhim bir talabni qoʻydilar: “Har bir tuman hokimi qaysi koʻchada, qachon, nima oʻzgarish boʻlishini mahalliy kengashda himoya qilib, aholiga eʼlon qilishi kerak. Ana shunda odamlar har bir loyiha vaqtida topshirilishi va sifatini oʻzi talab qilib oladi.” deb taʼkidladilar.
Men ushbu topshiriqni tumanni rivojlantirishning Istiqbolli dasturi deb qabul qildim. Shuning uchun bugun vaʼda emas, balki aniq roʻyxat, aniq sanalar va raqamlarga asoslangan rejalarimizni sizlarning eʼtiboringizga taqdim etmoqdaman.
BIRINCHIDAN, OCHIQ HAQIQAT VA HAL ETILISHI LOZIM BOʻLGAN MUAMMOLARGA TOʻXTALMOQCHIMAN
Biz oldinga siljish uchun, avvalo, tumanimizdagi real holat va kamchiliklarni ochiq tan olishimiz kerak,
- Tumanimizda maktabgacha taʼlim qamrovi hozirgi kunda
90 foizni tashkil etmoqda. Ayni paytda tumandagi 2 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti toʻliq rekonstruksiya ishlariga tushgani sababli, ushbu tashkilotlarda tarbiyalanayotgan bolalar qamrovdan vaqtincha chiqib qolmoqda. Buning natijasida qamrov koʻrsatkichimiz rejaga nisbatan
10,3 foizga kam bajarilmoqda. (Yil yakuniga qadar Qamrov darajasi 103 foizga yetkaziladi)
Tumanda 4 mingdan ziyod oʻrta maxsus maʼlumotli xodim talab qilinayotgan boʻlsa-da, zamonaviy kasb-hunarga oʻqitadigan birorta texnikum yoki markaz yoʻq. Bularni kamchilik deb tan olaman va ular boʻyicha nima qilishimizni aytaman.
IKKINCHIDAN, INFRATUZILMA VA OBODONLASHTIRISH SOHASI BOʻLIB, HAR BIR KOʻCHA VA MAHALLA NAZORATINI OʻRNATAMIZ
Mahallalarda obodonlashtirish, sanitariya, yashil hududlarni kengaytirish va xavfsiz muhit yaratish boʻyicha tizimli ishlar olib boriladi.
Bu yil uchun 5 ta Shota Rustaveli, Mirobod, Bobur, Bogʻiboʻston, Muqumiy koʻchalarida ishlar amalga oshiriladi. Har bir koʻchada quyidagi oʻzgarishlar boʻladi:
1) 12,7 km yoʻl qoplami va piyoda yoʻlaklari;
2) 185 ta yoritish chiroqlari va xavfsizlik kameralari;
3) 103 ta birinchi qavatlardagi savdo va xizmat obyektlari yagona koʻrinishga keltiriladi;
4) 8 350 ta metr kvadrat joy koʻkalamzorlashtiriladi;
5) 118 ta oʻtirish joylari oʻrantiladi.
Har bir koʻcha boʻyicha masʼul hokim oʻrinbosari va pudratchi nomi mahallaning eʼlon taxtasiga ilinadi. Ish boshlanish va tugash sanasi oʻsha yerda yoziladi.
- Tumanning 21 ta mahallasida Olmazor tumanidagi “Qichqiriq” mahallasi namunasida obodonlashtirish dasturi boshlanadi. Tumandagi 4 ta mahallada manzilli dastur asosida obodonlashtirish ishlari olib boriladi va har bir loyiha mahalla faollari ishtirokida muhokama qilinadi.
- Energetika va kommunal infratuzilmaning barqaror ishlashi va kuz-qish mavsumini betalofat oʻtkazilishi uchun shaxsan javob beraman.
- Shuningdek, noqonuniy qurilmalarni aniqlash hamda bartaraf etish boʻyicha Ishchi guruhlar tomonidan doimiy davom etiriladi.
UCHINCHIDAN, IQTISODIY OʻSISH, INVESTITSIYA VA ISH OʻRINLARI YARATISH SOHASIDA QUYIDAGILARNI BAJARAMIZ.
Kambagʻallikni qisqartirish borasida 3 684 nafar aholi daromadini oshirish, 4 228 nafar ishsiz fuqarolarni doimiy va mavsumiy ish oʻrinlariga joylashtirish, 413 nafarini kasb-hunarga oʻqitish hamda moliyaviy instrumentlardan foydalanish orqali 33 ta aniq loyihalarni amalga oshirishimiz zarur.
- Koʻp qavatli uylarning birinchi qavatini noturar joyga oʻtkazmasdan savdo va xizmat koʻrsatishga moslashtirishga ruxsat berildi. Tadbirkorlar uchun garovsiz kredit limiti
100 milliondan 200 million soʻmga oshirildi.
Shu yilning oʻzida tumandagi 7 ta bank bilan birga
150 nafar yangi tadbirkorni ishga kiritamiz va 600 ta ish oʻrni yaratamiz.
Yil yakunigacha bu yoʻnalishda 8 ming nafar odamning daromadini taʼminlash vazifasini zimmamga olaman
Tumanda 100 milliard soʻmlik 4 ta davlat obyekti savdoga chiqarilmoqda. Ular boʻsh yer sifatida emas, tayyor loyiha koʻrinishida taklif qilinadi.
- Tuman iqtisodiyotiga jami 700,0 mln AQSH dollari investitsiya jalb etiladi va 160,0 mln dollarlik eksport amalga oshiriladi.
- Yil yakuniga qadar sanoat ishlab chiqarish hajmi 10,1 trln soʻmga (oʻsish surʼati 108 foizga) hamda xizmatlar xajmini 40,6 trln soʻmga (oʻsish surʼati 118,7 foizga) bajarilishini taʼminlayman.
- Oʻz navbatida, tumanimizni yil yakuniga qadar kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantiraman.
- Bundan tashqari, tumanimizning ichki salohiyati va imkoniyatidan kelib chiqib, respublikamizning boshqa viloyat aholisini yangi yaratilayotgan va mavjud boʻsh ish oʻrinlari hisobiga ish bilan taʼminlovchi markazga aylantiraman.
- Buning doirasida viloyatdan 4 ming nafar ishsiz fuqarolar jalb qilinib, tumandagi 400 ga yaqin korxonaga ishga joylashtiriladi. Yil yakuniga qadar ushbu yoʻnalishda
6 ming nafar insonni barqaror daromad manbai bilan taʼminlash vazifasini shaxsan oʻz zimmamga olaman.
TOʻRTINCHIDAN, TAʼLIM, YoSHLAR VA IJTIMOIY INFRATUZILMANI RIVOJLANTIRISH SOHASIDA
- 357-sonli Maktabgacha taʼlimda mavjud hududning oʻzida 720 oʻrinli, 155-sonli Maktabgacha taʼlimda
210 oʻrinli bino qurish hisobiga mahallalardagi aholi ehtiyoji toʻliq qoplash choralari koʻriladi.
- Talabalarga zarur sharoitilarni yaratish boʻyicha tumanimizda 8 ming 189 nafar talaba tahsil oladi,
1978 nafar talabalar turar joylari va ijarada
2 ming 458 nafar talaba yashaydi. Ularning yashash va oʻqish sharoiti bilan shugʻullanadigan alohida tizimni bir oy ichida yaratamiz, bunda hududni toza saqlash, kitob-kafelar, madaniy tadbirlar oʻtkazishni inobatga olib, infratuzilmasini yaratamiz.
BESHINCHIDAN, ZAMONAVIY BOSHQARUV VA SHAXSIY MASʼULIYAT BOʻYICHA ISHLARNI TASHKIL QILAMIZ
Har bir murojaat boʻyicha "murojaatdan – natijagacha" tamoyili joriy etiladi. Vaziyatlar markazi imkoniyatlaridan, sunʼiy intellekt va raqamli monitoring tizimlaridan keng foydalanib, real vaqt rejimida har bir murojaat va loyihani shaxsan nazorat qilaman.
Rahbarlarning shaxsiy masʼuliyati kuchaytirilib, har bir topshiriq ijrosi boʻyicha haftalik va oylik natijadorlik tahlillari yoʻlga qoʻyiladi.
Yuqorida aytilgan har bir obyekt boʻyicha masʼul va muddat ochiq eʼlon qilinadi. Belgilangan kun va soatda mahalliy kengash yigʻilishida shu reja boʻyicha birinchi hisobotni beraman va muddati oʻtgan har bir obyekt boʻyicha sababini oʻzim tushuntiraman.
2026-yil yakuniga qadar belgilangan maqsadlarga erishish,
2027-yilda esa iqtisodiyot, taʼlim, sogʻliqni saqlash, ekologiya boʻyicha 69,9 mlrd soʻmlik 6 ta yangi loyihalarni amalga oshirib, boshlangan ishlarni yangi bosqichga olib chiqishga kafolat beraman.
Sizlardan esa, tumanda tashkil etilgan Vaziyatlar markaziga 24/7 tizimda har qanday murojaatlaringizni, Telefon raqami: (55) 514-20-00, Telegram kanal / bot: @Yakkasaroy_murojaat orqali yuborishingiz soʻraladi.
Aziz tumandoshlar va hurmatli ishbilarmonlar!
Yuqorida belgilangan har bir maqsad ortida tumanimiz farovonligi va xalqimizning ertangi kunga boʻlgan ishonchi mujassam. Barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda, tumanimizni kambagʻallik va ishsizlikdan batamom xoli hududga aylantirishga hamda erishilgan bu natijani barqaror saqlab qolishga qatʼiy vaʼda beraman.
Ishonchim komilki, sizlarning qoʻllab-quvvatlashingiz, halol mehnatingiz va kuchli jamoatchilik nazorati bilan biz koʻzlangan marralarga albatta erishamiz hamda Yakkasaroy tumanimizni poytaxtdagi eng ilgʻor, obod va namunali hududlardan biriga aylantiramiz.
Tumanimizning farovon kelajagi va yuksalishi yoʻlida barchamiz bir tanu bir jon boʻlib harakat qilaylik!
