Yakkabog‘ tumanida Qizilmiya yetishtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik loyihasi boshlandi
2025-09-24 11:35:00 / Yangiliklar
Yakkabog‘ tumanida Qizilmiya yetishtirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik loyihasi boshlandi
Yakkabog‘ tumani hokimi Abdinabi G‘iyosov Yaponiyaning JICA xalqaro tashkiloti vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat davomida tumanda yetishtirilayotgan Qizilmiya (Shirinmiya) o‘simligini xalqaro bozorga eksport qilish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuvda ta'kidlanishicha, aynan Yakkabog‘ tumanida sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka chidamli Qizilmiya o‘simligi tabiiy ravishda yetishi uni strategik ahamiyatga ega hudud sifatida namoyon qilmoqda.
Hokim Abdinabi G‘iyosov yaponiyalik hamkorlar bilan ishlashdan mamnunligini bildirdi va loyiha tuman iqtisodiyoti hamda aholi turmush darajasiga katta ijobiy ta'sir ko‘rsatishini ta'kidladi.
JICA xalqaro bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Suzuki Ryofu esa Yaponiyada Qizilmiya mahsulotlariga talab yuqori ekanini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda ushbu o‘simlikni yetishtirish imkoni yo‘q va ehtiyoj asosan import hisobiga qondiriladi.
Shu bois 2025–2027 yillarda 700 ming AQSh dollari qiymatidagi maxsus loyiha amalga oshirilishi belgilangan.
Yakunda mehmonlarga o‘zbek xalqimizning milliy sovg‘alari taqdim etildi.

