Yakkabog‘ tumanida yangi o‘quv yili tantanali ravishda boshlandi
2025-09-03 08:05:00 / Yangiliklar
Bugun yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi, Yakkabog‘ tumanida ham yangi 2025–2026 o‘quv yili tantanali ravishda boshlandi. An'anaga muvofiq “Bilimlar kuni” tadbirlari o‘tkazildi va o‘quvchilar ilk darslarga kirib bordilar.
Tuman hokimi Abdinabi G‘iyosov “Jambul” mahallasidagi 77-sonli umumiy o‘rta ta'lim maktabida bo‘lib, o‘quvchilarni hamda pedagogik jamoani yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan samimiy qutladi. Hokim o‘z tabrigida yosh avlodga ta'lim va tarbiya berish borasida olib borilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalib, o‘quvchilardan bilim olishga intilish, ustozlardan esa ma'naviy va ma'rifiy tarbiya ishlarini yanada yuksaltirishni so‘radi.
Shuningdek, tuman rahbari maktabga ilk bor qadam qo‘ygan 1-sinf o‘quvchilariga davlatimiz rahbari tomonidan taqdim etilgan “Prezident sovg‘alari”ni topshirdi. Ularni kelajakda a'lo baholarga o‘qib, yurtimizning yetuk va fidoyi farzandlari bo‘lib voyaga yetishlarini tiladi.
Ma'lumot o‘rnida, joriy o‘quv yilida Yakkabog‘ tumanidagi 103 ta umumiy o‘rta ta'lim maktabida 51 616 nafar o‘quvchi ta'lim-tarbiya oladi. Shundan 6 033 nafari 1-sinfga qabul qilingan, mazkur yilda 11-sinfni bitiruvchi o‘quvchilar soni 2 991 nafarni tashkil etadi

