Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlov tadbirkorlikka yo‘l ochdi
2025-10-27 10:30:00 / Yangiliklar
Bugungi kunda mahalladagi ijtimoiy xodimlar tomonidan nogironligi bo‘lgan hamda kam ta’minlangan oilalarning farzandlarini ta’lim olishga, kasb-hunar o‘rganishga va ularning ijtimoiylashuvini ta’minlashga qaratilgan “kichik loyihalar” amalga oshirilmoqda.
Xususan, Qashqadaryo viloyatida o‘tgan 9 oy davomida 758 ta “kichik loyiha” amalga oshirilishi natijasida 706 nafar shaxs kasb-hunarga o‘qitilmoqda, 1 ming 745 nafarining bandligi ta’minlangan va 1 ming 219 nafari fan hamda sport to‘garaklariga jalb qilingan.
Jumladan, Yakkabog‘ tumanining “Yangiobod” mahallasida 3 ming 800 nafar aholi yashaydi. Nargiza Xolmirzayeva aynan shu mahallada istiqomat qiladi.
Ilgari uyda qandolatchilik bilan shug‘ullangan fuqaro uchun mahalladagi ijtimoiy xodim va faollar tomonidan bo‘sh turgan bino taklif etildi. Shu tariqa mazkur “kichik loyiha” natijasida fuqaroning faoliyati kengaydi. Hozirda 5 nafar ishsiz, kam ta’minlangan oila vakillari ish bilan ta’minlandi.

