Voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik, erta tug‘ruq va erta nikoh holatlarining oldini olish – muhim vazifa sifatida
2025-10-23 10:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Yoshlar tarbiyasi, ularning huquqiy ongi va ijtimoiy faolligini oshirish bugungi kunda jamiyat hayotida eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatchilik, erta nikoh va erta tug‘ruq holatlarining oldini olish bo‘yicha tizimli ishlarni yo‘lga qo‘yish zarurati tobora ortmoqda.
Shu maqsadda Yakkabog‘ tumani hokimi Abdinabi G‘iyosov va tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Shuhrat Choriyev boshchiligida maktab direktorlari, psixologlar, tibbiyot xodimlari va tegishli masʼul tashkilotlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, jinoyatchilik va erta nikoh holatlariga qarshi kurashishdan ko‘ra, ularni oldini olish, sabablari va omillarini erta aniqlash eng samarali yo‘ldir. Shu ma’noda, ta’lim muassasalarida o‘quvchilar bilan individual ishlash, ota-onalar bilan muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, psixologik xizmat faoliyatini kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Hokim Abdinabi G‘iyosov yig‘ilishda:
“Har bir bola – jamiyat kelajagining poydevori. Ularning tarbiyasi va himoyasi har bir mutasaddining, har bir ota-onaning burchidir”,
– deya ta’kidladi.
Tuman IIB boshlig‘i Shuhrat Choriyev o‘z chiqishida jinoyatchilik va erta nikoh holatlarining oldini olishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, mahalla va profilaktika xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik muhimligini qayd etdi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, tibbiy va psixologik profilaktika ishlarini kuchaytirish, erta nikohning salbiy oqibatlari yuzasidan izchil tushuntirish ishlari olib borilayotgani aytib o‘tildi.
Yig‘ilish yakunida quyidagi vazifalar belgilab olindi:
Psixologik maslahat va tibbiy profilaktika ishlarini kuchaytirish, ayniqsa qizlar bilan tarbiyaviy uchrashuvlarni tizimli tashkil etish;
Ota-onalar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, erta nikoh va erta tug‘ruqning salbiy oqibatlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borish;
Mahalla, ta’lim, sog‘liqni saqlash va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash;
Yoshlarni bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sport va madaniy to‘garaklarga faol jalb etish orqali salbiy holatlarning oldini olish.

