Murojaat
2025-09-06 20:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Yakkabog‘ tumani prokurori A.Qarshiyevning mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish bo‘yicha tuman aholisiga
M U R O J A A T I

Assalomu alaykum hurmatli tumanimiz fuqarolari hamda aziz mehmonlar!
Barchangizning xabaringiz bor muhtaram Prezidentimiz rahbarligida yurtimizda ulkan o‘zgarish va islohotlar amalga oshirilmoqda.
Shu qatorda mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash, buning uchun jinoyatchilikka qarshi kurash tizimini tubdan yaxshilash davlat siyosatining ustuvor vazifasi sifatida belgilinib, bu borada amaliy ishlarga kirishildi.
Bilamiz, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish jamiyat barqarorligi, xavfsizligi va farovonligi uchun juda muhim. Bu nafaqat shaxsiy xavfsizlikni taʼminlash, balki iqtisodiy taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga ham xizmat qiladi.
Aziz tumanimiz aholisi!
Bugungi kunda fuqarolar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik, spirtli ichimlik taʼsirida transport vositalarini boshqarish, tezlikni belgilangan meʼyordan oshirish va shu kabi salbiy holatlarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida nafaqat o‘zlarining, balki yo‘lovchi va piyodalarning hayotiga ham xavf tug‘dirib jinoyat qurboniga aylanib qolishmoqda.
Afsuski, bu turdagi jinoyat va huquqbuzarliklar salmog‘i so‘nggi vaqtlarda tumanimizda ham sezilarli darajada ortib bormoqda.
Bu turdagi jinoyat va huquqbuzarliklarga quyidagi omillar sabab bo‘lmoqda:
haydovchilarning spirtli ichimlik taʼsirida transport vositalarini boshqarishi;
transport vositalari tezligini belgilangan meʼyordan oshirish;
tajribasizlik va transport vositalarini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga (ayniqsa voyaga yetmaganlarga) avtotransport vositalarini ishonib topshirish;
transport vositalarini boshqarish davomida mobil aloqa vositalari, tamaki mahsulotlari, audio va videotasvirlar, ayol haydovchilarning kosmetik va pardoz buyumlaridan foydalanish taʼsiriga tushib qolishi;
piyodalar tomonidan yo‘lning avtotransport vositalari qatnov qismida tartibsiz harakatlanishi;
haydovchilarning piyodalar o‘tish yo‘laklari, yo‘l belgilari, svetaforning ishora qiluvchi chiroqlariga rioya etmasligi;
haydovchilar o‘rtasida o‘zaro hurmatsizlik va yo‘l harakati qoidalaridan foydalanish borasida madaniyatning sustligi.
Qayd etib o‘tish joiz, joriy yilning o‘tgan 8 oyi davomida tumanimizda yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq jami 10 743 ta maʼmuriy huquqbuzarlik holatlari sodir etilib, shundan 1 322 ta avtotransport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqarish, 1 097 ta tezlikni belgilangan meʼyordan oshirish, 1 012 ta svetofor ishorasiga rioya qilmaslik, 986 ta quvib o‘tish qoidasini buzish, 114 ta avtotransport vositasini qarama-qarshi yo‘nalishda boshqarish, 98 ta transport vositasini mast holatda boshqarish, 93 ta yuk tashish qoidalarini buzish, 52 ta YPX xodimining qonuniy talabini bajarmaslik va boshqa turdagi huquqbuzarliklarni tashkil etadi.
Shuningdek, jami 18 ta (2024 yil 8 oyida – 10 ta) yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq jinoyatlar sodir etilib, ushbu jinoyatlar oqibatida 11 (4) nafar fuqarolar vafot etgan bo‘lsa, 7 (6) nafari og‘ir darajada tan jarohati olgan va yana 21 (15) nafar fuqarolar jismoniy, ruhiy, ijtimoiy va iqtisodiy jabrlangan.
Achinarlisi, vafot etgan fuqarolarning 3 (2) nafari voyaga yetmaganlardir.
Yana bir tashvishli tomoni, yo‘l-transport hodisalari oqibatida vafot etgan 7 nafar marhum fuqarolarning 9 nafar voyaga yetmagan farzandlari yetim qolgan.
Ushbu jinoyatlar oqibati:
insonlar o‘limiga;
turli darajadagi tan jarohati yetkazilishiga;
mulk yoki mulkka bo‘lgan huquqdan ayrilishiga;
insonlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarda ishonchsizlik kayfiyati uyg‘onishiga;
tushkunlikka tushish hamda oqibatda o‘zi yoki boshqa shaxslarga zarar yetkazish kayfiyatining shakllanishiga;
fuqarolar, ayniqsa yaqin qarindosh va o‘zaro tanish bo‘lgan shaxslar o‘rtasida nizolar hamda ichki ziddiyatlar kelib chiqishiga;
aholida yo‘l harakati belgilariga rioya etmaslik muhitining kuchayishiga olib keladi.
Albatta, taʼkidlash lozimki, bu turdagi salbiy holatlarning oldini olish va oqibatlari bilan kurashishda prokuratura organlari ham masʼul tashkilot, korxona, muassasa va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikda muayyan ishlarni olib bormoqda.
O‘tgan davr mobaynida tumanimiz hududida 300 dan ortiq yangi yo‘l belgisi o‘rnatilib, yaroqsizlari almashtirildi, 50 dan ortiq piyodalar o‘tish joylari tashkil qilindi, 65 ta tezlik va qoidabuzarliklarni aniqlovchi uskunalar o‘rnatildi. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida 12 km masofada yo‘q chiziqlar, 2 km masofada piyodalar uchun yo‘laklar barpo etildi, 2 km masofada yoritish chiroqlari, avariya o‘choqlarida esa maxsus yo‘l belgilar, svetofor va qavariq piyodalar yo‘laklari o‘rnatildi.
Shuningdek, aholining yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi borasida hushyorligini oshirish maqsadida taʼlim muassasalari, mahalla, korxona va tashkilotlarda muntazam ravishda targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
Sohada qonuniylik hamda fuqarolar tinchligi, osoyishtaligini taʼminlash borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar hali talaygina. Bu borada xotirjamlikka berilmaslik, fuqarolarda yo‘l harakati qoidalariga rioya etish ko‘nikmalarini shakllantirish, immunitetni bolalikdan singdirish barchamizning asosiy maqsadimiz va burchimiz bo‘lishi lozim.
Hech birimiz yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq mayda huquqbuzarliklarga befarq bo‘lmasligimiz va ushbu oddiydek ko‘ringan huquqbuzarlik oqibatlari kelgusida mudhish holatlarga olib kelishi mumkinligini unutmasligimiz kerak!
Joriy yilning o‘tgan davrida yo‘l-transport hodisasi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgan 18 nafar shaxsning 12 nafari ilgari ham turli ko‘rinishdagi yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilganini alohida taʼkidlash lozim.
Hurmatli fuqarolar!
Siz yoki yaqinlaringiz yo‘l-transport hodisasi jabrlanuvchisiga aylanib qolmasligi uchun quyidagilarga amal qilishingizni so‘rab qolamiz:
Spirtli ichimlik taʼsirida transport vositasini boshqarmang;
Transport vositasini boshqarishda yo‘l harakati qoidalari va belgilariga rioya qiling;
Transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga, ayniqsa voyaga yetmaganlarga, boshqaruvni ishonib topshirmang;
Transport vositasini boshqarishda mobil aloqa vositalaridan foydalanmang, tamaki mahsulotlari taʼsiriga tushib qolmang;
Boshqa haydovchilarni hurmat qiling va haydovchilik madaniyatiga rioya qiling;
Har soniyada oldingizda xavf tug‘ilishi mumkinligini yodingizda tuting;
Shoshilmang! Yaqinlaringiz sizni kutayotganini aslo unutmang!
Xavfsizlik — o‘zingizdan boshlanadi!
Hurmatli fuqarolar, jinoyatlarning oqibatlarinigina emas, balki ularning sabablari va kelib chiqishiga imkon berayotgan sharoitlarni bartaraf qilishni ustuvor vazifa deb bilib, birgalikda harakat qilsak, o‘ylagan maqsadimizga erishamiz. Ishonamizki, tumanimiz aholisi bu borada soha masʼullariga o‘z yordamlarini ayamaydilar.
Eʼtiboringiz uchun rahmat!
