Yakkabog‘ tumani hokimi Abdinabi Kamolovich G‘iyosovning 8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi munosabati bilan tabrik so‘zi
2025-12-08 10:15:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari
Aziz do‘stlar, qadrli yurtdoshlar!
Aziz otaxon va onaxonlar, tuman ahli va muhtaram mehmonlar!

Assalomu alaykum, aziz do‘stlar, qadrli yurtdoshlar!
Aziz otaxon va onaxonlar, tuman ahli va muhtaram mehmonlar!
Sizlarni milliy davlatchiligimiz tarixidagi ulug‘ va qutlug‘ sana — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi bilan chin dildan samimiy muborakbod etib, barchangizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni bildiraman.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 33 yilligini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash, fuqarolarni unda belgilangan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirish maqsadida “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” shiori ostida nishonlanishi ham bejiz emas.
1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyamiz mustaqil davlatimiz taraqqiyotining mustahkam huquqiy asosini yaratdi. Asosiy Qonunimiz xalqimiz irodasi, ezgu orzu-intilishlari va milliy qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, inson huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida belgilab bergan tarixiy hujjatdir.
Bugungi kunda Konstitutsiyamiz asosida yurtimizda huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini barpo etish, inson manfaatlarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirish yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Inson huquq va erkinliklarining qonuniy kafolati bo‘lgan, biz uchun ozod va obod hayot qurish yo‘lini ochib bergan Konstitutsiyamiz bilan har qancha faxrlansak, g‘ururlansak arziydi.
Chunki Bosh qomusimizda oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini mustahkamlash, keksalar, nogironlar, ayollar va yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, ta’lim, ilm-fan va madaniyatni rivojlantirish, ekologik huquqlarni ta’minlash, fuqarolik jamiyati institutlari va mahallaning huquq va vakolatlarini kengaytirish, OAV erkinligini ta’minlash kabi asosiy yo‘nalishlar alohida belgilab qo‘yilgan.
Qadrli do‘stlar!
Xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratish — Konstitutsiyamizning bosh maqsadidir. Shu bois tumanimiz hududlarini zamonaviy qiyofaga keltirish, aholining turmush sharoitini yaxshilash, munosib uy-joylar yaratish, zarur infratuzilmalar bilan ta’minlash hamda “Yashil makon” dasturi doirasida bunyodkorlik ishlari jadallik bilan davom etmoqda. Bu esa istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga katta turtki bermoqda.
Aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati uchun qulay infratuzilma yaratish maqsadida joriy yilda Yakkabog‘ tumaniga davlat budjetidan 77 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Kelgusi yilda esa “Taraqqiyot va yetakchilik” dasturi doirasida 30 mlrd so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Tumanimizning “Ayqirkul”, “Jambul”, “Mevazor”, “Tatar”, “Yangiobod” va “Oqtosh” mahallalarida ekologik muhitni yaxshilash va shaharning jozibasini oshirishga xizmat qiluvchi yirik istirohat bog‘i barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Ushbu loyihalar natijasida 200 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi.
“Tatar” mahallasida zamonaviy dam olish maskani bunyod etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda xizmat ko‘rsatish obyektlari, oila va turizm zonalari, mehmon uylari, piyodalar yo‘laklari, “Ertaklar shaharchasi” hamda turli attraksionlar joylashadi. Bu esa 436 nafar fuqaroni ish bilan ta’minlaydi.
“Jambul” mahallasida 516 ta xonadonga mo‘ljallangan yangi ko‘p qavatli uylar qurilishi orqali 2580 nafar aholi uy-joy bilan ta’minlanadi. Shuningdek, hududda savdo majmualari, xususiy maktab, MTT va oilaviy poliklinikalar barpo etilib, 156 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
“Yangiobod” mahallasida zamonaviy istirohat bog‘i barpo etilib, unda tinch dam olish zonasi, madaniy tadbirlar maydoni va attraksionlar joylashadi. 32 ta ish o‘rni yaratiladi.
“Mevazor” mahallasida zamonaviy chorvachilik klasteri, sut va go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va sotuvga tayyorlash obyektlari ishga tushiriladi.
“Oqtosh” mahallasida esa hokimiyat binosi, tibbiyot muassasalari, innovatsion ta’lim maskanlari, savdo va xizmat ko‘rsatish markazlaridan iborat yangi ma’muriy markaz qurilishi rejalashtirilgan.
Asosiy Qonunimizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida belgilanganidan kelib chiqib, tumanlarimizni obod qilish, yangi uy-joylar, tibbiyot, ta’lim, madaniyat, san’at va sport maskanlari qurish, yo‘l va kommunikatsiyalarni modernizatsiya qilish, manzilli ijtimoiy himoyani kuchaytirish ustuvor vazifadir.
Hurmatli yurtdoshlar!
Bugun siz azizlarga yana bir bor shuni ta’kidlamoqchimanki, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida har birimizning munosib hissamiz bo‘lishi shart. Zero, jonajon O‘zbekistonning dunyo miqyosida e’tirof etilishi — bu barchamizning faxrimiz va iftixorimizdir.
Qadrli bayram ishtirokchilari!
Yana bir bor barchangizga mustahkam sog‘liq, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman.
Yurtimiz hamisha tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
