Mas’uliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risidagi Qonunning maqsadi
2026-08-26 17:20:00 / Yangiliklar

Qonunga ko‘ra, Bir yoki bir necha shaxs tomonidan ta’sis etilgan, ustav fondi (ustav kapitali) ta’sis hujjatlari bilan belgilangan miqdorlarda ulushlarga bo‘lingan xo‘jalik jamiyati mas’uliyati cheklangan jamiyat deb hisoblanadi.
Jamiyat o‘z majburiyatlari yuzasidan o‘ziga tegishli barcha mol-mulk bilan javobgar bo‘ladi. Jamiyat ishtirokchilari jamiyatning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘lmaydi.
Jamiyat ishtirokchilari jamiyat faoliyati bilan bog‘liq zararlar uchun jamiyatga o‘zi qo‘shgan hissalari qiymati doirasida javobgar bo‘ladi.
Jamiyatning o‘z hissasini to‘liq qo‘shmagan ishtirokchilari jamiyat majburiyatlari bo‘yicha har bir ishtirokchi hissasining to‘lanmagan qismi qiymati doirasida solidar javobgar bo‘ladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar jamiyatning ishtirokchilaridir.
Qonunda ayrim toifadagi jismoniy shaxslarning jamiyatda ishtirok etishi taqiqlanishi yoki cheklanishi mumkin.
Davlat organlari, agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, jamiyat ishtirokchilari bo‘lishga haqli emas.
Jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi jamiyat boshqaruvining oliy organidir.
Jamiyat ustavida jamiyatning kuzatuv kengashini tuzish nazarda tutilishi mumkin.
Jamiyatning joriy faoliyatiga jamiyatning yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi organi tomonidan yoki jamiyatning kollegial ijro etuvchi organi tomonidan rahbarlik qilinadi. Jamiyatning ijro etuvchi organi jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishiga va, agar tuzilishi jamiyatning ustavida nazarda tutilgan bo‘lsa, jamiyatning kuzatuv kengashiga hisobdordir.
Jamiyat ushbu Qonun va jamiyat ustavi talablari hisobga olingan holda, belgilangan tartibda ixtiyoriy ravishda tugatilishi mumkin. Jamiyat qonunchilikda nazarda tutilgan asoslarga ko‘ra sudning qaroriga binoan ham tugatilishi mumkin.
Jamiyatni tugatish uning huquqlari va majburiyatlari huquqiy vorislik tartibida boshqa shaxslarga o‘tmagan holda faoliyatining tugatilishiga sabab bo‘ladi.
Jamiyat ishtirokchilari umumiy yig‘ilishining jamiyatni ixtiyoriy ravishda tugatish hamda tugatuvchini tayinlash to‘g‘risidagi qarori jamiyat kuzatuv kengashining, ijro etuvchi organining yoki ishtirokchisining taklifiga binoan qabul qilinadi.
Ixtiyoriy ravishda tugatilayotgan jamiyat ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi jamiyatni tugatish va yuridik shaxslarni tugatuvchini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Tugatuvchi tayinlangan paytdan e’tiboran jamiyat ishlarini boshqarish bo‘yicha barcha vakolatlar tugatuvchiga o‘tadi. Tugatuvchi tugatilayotgan jamiyat nomidan sudda ishtirok etadi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organning qaroriga ko‘ra jamiyat ushbu jamiyat moliya-xo‘jalik faoliyati amalga oshirilmaganligi sababli belgilangan tartibda harakatsiz rejimga o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yil ichida uning faoliyati tiklanmagan taqdirda tugatiladi. Bunda tugatuvchi tayinlanmaydi,
Guliston tumanlararo iqtisodiy
sudining sud’yasi O‘.Yo‘ldoshev
Arxiv mudiri
A.Djalolov
