Sud tizimini isloh qilish va korrupsiyani oldini olishda asosiy vazifalar
2026-07-17 21:30:00 / Yangiliklar

Sud tizimini isloh qilish va korrupsiyani oldini olishda asosiy vazifalar
Mamlakatimizda keyingi yillarda sud tizimini isloh qilish va bunda ularning mustaqilligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Binobarin, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6034-son Farmoni bilan 2021 yil 1 yanvardan boshlab sud tizimi faoliyatida va uning tashkiliy-tarkibiy yo‘nalishlarida bir qancha o‘zgarishlar amalga oshirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy malaka xay’ati hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’atlarining qarorlari ustidan Sudyalar oliy kengashiga shikoyat qilish huquqi berildi, sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatildi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqi bekor qilindi, jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibi belgilanib, jinoyat ishining umumiy tartibda ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichi kiritildi, davlat ayblovchisi ayblovdan voz kechgan taqdirda reabilitatsiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish tartibi joriy etildi, prokuror tomonidan sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, hal qiluv qarori, ajrimi yoki qarori bo‘yicha ishlarni, ushbu ishlar yuzasidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina suddan chaqirib olib o‘rganish mumkinligi belgilandi, qonunda nazarda tutilgan hollardan tashqari sudlarda boshqa shaxslarning tashabbusi bilan qo‘zg‘atilgan fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida prokuror o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishi istisno etildi.
Bundan tashqari sudlarning axborot tizimlari 28 ta davlat idorasining 38 ta axborot tizimlari bilan integratsiya qilinib, ma’lumotlar almashinuvi raqamli texnologiya orqali amalga oshirilishi ta’minlandi, buning natijasida mehnat sarfining qisqarishiga, ortiqcha pul mablag‘ining tejalishiga erishildi.
Shuningdek, sudlar faoliyatiga markazlashtirilgan elektron ma’lumotlar bazasi, sudlarga kelib tushgan barcha ishlarni axborot tizimi orqali ro‘yxatga olish, elektron shaklda murojaat qilish, ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash, sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimi orqali dunyoning istalgan nuqtasidan turib ishtirok etish amaliyoti joriy etildi, shuningdek, ijro varaqalarini majburiy ijro byurolariga yuborish tartibi to‘liq raqamlashtirildi.
Sud tizimini yanada isloh qilish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 15 dekabrdagi “Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi 783-sonli qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 7 dekabrdagi “Sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash hamda sud tizimida korrupsiyaning oldini olish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6127-son Farmoni bilan sudyalar mustaqilligini ta’minlash va sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilandi.
Bunda sudyalar va sud apparati xodimlari orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan tizimni yo‘lga qo‘yish hamda sud tizimida aniqlangan har qanday korrupsiyaviy harakatni murosasiz holat deb baholash lozimligi qayd etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashda davlat organlari va xo‘jalik yuritish sub’yektlari kabi sudlarda xam «komplayens-nazorat» tizimining keng joriy etishili amalga oshirilmoqda. Bu esa sudlarning ichki tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish, sud tizimining va unda faoliyat olib borayotgan xodimlarning korrupsion holatlarga aralashib qolmasligi, o‘z faoliyatini qonunda belgilangan tarzda, xalol bajarishga erishishi, qabul qilinayotgan sud hujjatlarining to‘g‘ri va adolatli qabul qilishini ta’minlash bilan bir qatorda, sudga murojaat etgan shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini o‘z vaqtida himoya qilinishini ta’minlaydi.
Sirdaryo viloyat sudi sudyasi A.Suvonqulov
Sirdaryo viloyat sudi sudyasi N.Sangirov
