Iqtisodiy sudlarda sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish
2026-06-11 16:35:00 / Yangiliklar

Agar faktik holatlar sud hujjati qabul qilingandan so‘ng vujudga kelgan bo‘lsa, bu holat sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish uchun asos bo‘la olmaydi.
Iqtisodiy sudlarda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish uchun qonunchilikda asoslar belgilab qo‘yilgan bo‘lib, Iqtisodiy protsessual kodeks 327-moddasiga ko‘ra;
1) sud hujjati qabul qilingan paytda mavjud bo‘lgan, lekin arizachiga ma’lum bo‘lmagan va ma’lum bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, ish uchun muhim holatlar;
2) ekspertning bila turib yolg‘on xulosa berganligi, guvohning bila turib yolg‘on ko‘rsatuvlar berganligi, bila turib noto‘g‘ri tarjima qilinganligi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlangan bo‘lsa va mazkur ish bo‘yicha qonunga xilof yoki asoslanmagan sud hujjati qabul qilinishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa; 3) ishda ishtirok etuvchi shaxsning yoki uning vakilining yoxud sudyaning mazkur ishni ko‘rish chog‘ida sodir etilgan, sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi, ajrimi bilan aniqlangan jinoiy qilmishlari;
4) iqtisodiy sudning, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudning, jinoyat ishlari bo‘yicha sudning yoki ma’muriy sudning mazkur ish bo‘yicha sud hujjatini qabul qilishga asos bo‘lgan sud hujjati yoxud boshqa organning shunday hujjati bekor qilinganligi holatlari sud hujjatlarini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish uchun asoslar hisoblanadi.
Sudga murojaat qiluvchi shaxslar shuni nazarda tutishlari kerakki, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha arizalar Iqtisodiy protsessual kodeksi
37-bobi hamda O‘zbekiston Respublikasi oliy xo‘jalik sudi Plenumining 111-sonli qaroriga ko‘ra, birinchi instansiya tomonidan qabul qilingan va qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori, ajrimni yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish mazkur hal qiluv qaror hamda ajrim qaysi sud tomonidan qabul qilingan bo‘lsa shu sud tomonidan qayta ko‘rib chiqiladi. Biroq birinchi instansiya sudining sud hujjatlari apellyatsiya, kassatsiya yoki taftish instansiyalarida o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan hamda yangi qaror qabul qilgan bo‘lsa, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha beriladigan ariza iqtisodiy sudning sud hujjati o‘zgartirilgan yoki yangi sud hujjati qabul qilingan tegishli instansiya sudiga beriladi. Agarda mazkur tartib buzilgan holda berilgan arizalar qonunchiikda belgilangan tartibda qaytariladi va ushbu holat ariza ish yuritish qabul qilinganidan so‘ng aniqlansa, ariza ish hujjatlari bilan tegishli instansiya sudiga yuboriladi.
Shu bilan birga, yangi ochilgan holatlar bo‘yicha arizalar IPKning
328-moddasiga ko‘ra, sud hujjatini qayta ko‘rish bilan bog‘liq asoslar ochilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan beriladi. Ishda ishtirok etuvchi shaxs deganda, shunga e’tibor berishlari kerakki, ayni shu ishda ishtirok etgan shaxslar, ishda ishtirok etgan shaxslarning huquqiy vorislari hamda sud jarimasi solingan shaxslar shunday huquqga egadirlar, shuningdek, ishda ishtirok etuvchi prokuror ishda ishtirok etuvchi shaxs hisoblanganligi bois, u ham o‘zi ishtirok etgan ish bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etishga haqli.
Shuningdek, sud hujjatini qayta ko‘rib chiqish uchun asos bo‘layotgan holatlar jiddiy bo‘lishi, ya’ni sud hujjatini qabul qilishda iqtisodiy sud xulosasiga ta’sir ko‘rsatadigan darajada bo‘lishi lozim. Bu holat iqtisodiy sudi tomonidan avvalda tekshirish predmeti bo‘lgan faktga nisbatan yangi dalillar emas, balki aynan yuridik faktlarning o‘zi bo‘lishi lozim.
Guliston tumanlararo iqtisodiy sudi
sudya yordamchisi Maxamadjonov Qo‘shmurod
Guliston tumanlararo iqtisodiy sudi
sudya yordamchisi Abdushukur Bozorboyev
