Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi davlat granti tanlovi e’lon qilinadi
2025-10-20 09:00:00 / Yangiliklar

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha navbatdagi davlat granti tanlovi e’lon qilinadi
Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha parlament komissiyasi o‘tkazgan tanlovda fuqarolik jamiyati institutlaridan 618 ariza qabul qilingan. Komissiya xulosasiga ko‘ra, 66 loyiha g‘olib deb topilgan.
Bu Parlament komissiyasi majlisida qayd etildi. Majlisda 12 yo‘nalish bo‘yicha, shu jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan navbatdagi davlat granti tanlovini e’lon qilish bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ushbu tanlov doirasida 5,8 milliard so‘m mablag‘ hisobidan fuqarolik jamiyati institutlarining loyihalarini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilmoqda.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida esa O‘zbekistonning Misr, O‘mon, Qatar va Eron davlatlaridagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Elchilar ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, oliy va yuqori darajadagi tashriflar doirasida imzolangan “yo‘l xaritalari” ijrosi, investitsiyalarni jalb etish, milliy mahsulotlar eksportini kengaytirish, xorijiy turistlar oqimini oshirish hamda xorijda mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.
Mamlakatimizning Misr bilan savdo, farmatsevtika, ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi hamkorligi kengaymoqda. O‘mon bilan munosabatlarda qo‘shma turistik loyihalarni amalga oshirish, madaniy tadbirlar o‘tkazish va transport yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish masalalariga e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston-Qatar munosabatlarida investitsiya va “yashil energetika”, infratuzilma hamda turizm sohalarida yirik qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga ustuvorlik berilgan. Eron bilan esa, sanoat, tekstil mahsulotini ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda qo‘shma loyihalar tatbiq etilayotgani ta’kidlandi.
Majlisda senatorlar tomonidan diplomatik vakolatxonalar faoliyati samaradorligini oshirish, tashqi iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, turizm sohasida yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.

